AQSh Myanmaga iqtisodiy yordam dasturini qayta ko'rib chiqadi

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Myanmada siyosiy rahbarlarning harbiylar tomonidan hibsga olinishini davlat to’ntarishi deya atarkan, bu mamlakatga yordam dasturini qayta ko’rib chiqishga kirishdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 3-fevral, 2021-yil

“Barcha dalillarni o’rganib chiqib, Birma harbiylarining 1-fevral kungi harakatlari, saylangan davlat rahbarining hokimiyatdan olinishi harbiy to’ntarishga to’g’ri kelishiga xulosa qildik”, - dedi Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.

Rasmiyning muxbirlarga aytishicha, bunday vaziyatda Qo’shma Shtatlar Myanmaga ajratiladigan 135 million dollarlik yordamni qayta ko’rib chiqishga majbur, garchi bu pulning oz qismigina hukumatga berilsa-da. Prays roxinjaliklar uchun ajratiladigan yordam pulining bundan mustasno ekanini aytdi.

Myanma harbiylari noyabrda o’tgan parlament saylovlarida ommaviy soxtalashtirish holatlari bo’lganiga ishora qilib, saylov natijalarini tan olishdan bosh tortmoqda. Mamlakatda bir yilga favqulodda holat e’lon qilingan, shundan so’ng yangi saylovlar o’tkaziladi. Bu orada esa saylovdagi huquqbuzarliklar tergov qilinishi aytilmoqda.

AQSh Senatida respublikachilar sardori Mitch Makkonel Bayden ma’muriyatini Myanma bobida yetakchi qonunchilar bilan maslahatlashayotgani uchun olqishladi.

“Myanma qanday davlat bo’lishi o’ziga bog’liq - global iqtisodiyotga bog’langan zamonaviy, demokratik jamiyatmi yoki Xitoy Xalq Respublikasi soyasidagi qoloq, korrupsiyalashgan, avtoritar davlat”, - dedi Makkonel.

BMTning Myanma bo’yicha maxsus elchisi Tom Endryusning aytishicha, davlat to’ntarishiga qo’l urgan harbiy rahbarlar javob berishiga to’g’ri keladi.

“Generallarga qarshi qaratilgan sanksiyalar ularning harakati javobsiz qolmasligini ko’rsatadi”, - deydi u.

Inson huquqlari guruhlariga ko’ra, davlat to’ntarishida qo’li bor generallarning ba’zilari o’tmishda roxinjaliklar va etnik ozchilikdagi boshqa guruh vakillariga qarshi qatliomlarga ham mas’uldir.

Harbiylar hibsga olgan rasmiylar orasida davlatning asl rahbari Au San Su Chi ham bo’lib, bugun unga aloqa uskunasini mamlakatga noqonuniy ravishda olib kirish aybi qo’yildi. Sobiq rasmiy 15-fevralgacha hibsda saqlanishi ma’lum bo’ldi. Myanma Prezidenti Vin Myint esa tabiiy ofatlarga qarshi kurashga doir qonunni buzganlikda ayblanmoqda.

Aholining katta qismi harbiylar harakatiga norozilik bildirmoqda. Tunda ular ko’chada idish-tovoq urib, avtomobillar signalini chalib, itoatsizlik namoyish etgan.

“Katta Yettilik” guruhiga kiruvchi rivojlangan mamlakatlar Myanma harbiy rahbarlarini noyabr saylovi natijalarini tan olishga chaqirmoqda. Saylovda Au San Su Chining “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi 83 foiz ovoz olgan. Saylov komissiyasi jarayon qonun doirasida o’tgan deya xulosa qilgan.