AQSh Myanmadagi voqealarni etnik tozalash deb tan oladimi?

  • Amerika Ovozi

Roxinjalik qochqinlar

Seshanba kuni AQSh Senatida o’tgan tinglovda bir necha qonunchi Myanmada roxinjalik musulmonlarga qarshi hukumat harakatlarini etnik tozalash deb e’tirof etishiga qaramay, Davlat departamenti va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rasmiylari bunday iborani tilga olishdan bosh tortdi.

Ularning aytishicha, Myanmadagi vaziyat hamon o’rganilmoqda, yakuniy xulosa chiqarilmagan.

“Myanmadagi voqealar bizni xavotirga solishi kerak. Xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib, unga chek qo’yishi zarur. Aybdorlar jazolanishi, jabrdiydalarga zudlik bilan gumanitar yordam yetkazish lozim. Bo’layotgan voqealarni genotsid deb atagan bo’lardim”, - deydi senator Ben Kardin.

Qonunchiga ko’ra, Tramp ma’muriyati Myanmadagi zo’ravonliklarni rasman etnik tozalash deb e’tirof etishi zarur. Bu borada qaror shu hafta e’lon qilinishi kutilmoqda.

Senat Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Bob Korker Myanma rahbari Au San Su Chi va uning hukumatini roxinjaliklarga qarshi siyosati uchun tanqidga oldi.

“Au San Su Chi Birma armiyasining muntazam zulm kampaniyasiga ko’z yumib, noharbiy hukumat va Birmadagi demokratik o’zgarishlar obro’sini tushirishda davom etmoqda. Qo’shma Shtatlar bu mamlakatga nisbatan siyosatini o’zgartirish vaqti keldi”, - dedi senator.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, 25-avgustdan beri 589 ming roxinjalik qo’shni Bangladeshga qochgan, ularning qishloqlari ko’kka sovurilgan, insonparvarlik tashkilotlari va jurnalistlar vaziyatni xolis baholash uchun shimoldagi Rakxayn shtatiga kira olmayapti.