Obama: iqlimdagi salbiy o'zgarishlarni inkor etib bo'lmaydi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Florida: Iqlimdagi salbiy o'zgarishlar

AQSh Prezidenti Barak Obama iqlim o’zgarishi sayyoramiz uchun eng katta tahdid, uni ortiq inkor etib bo’lmaydi, deydi. Masalaga e’tibor qaratish maqsadida u yaqinda Florida shtatidagi “Evergleyds” tabiat qo’riqxonasiga bordi.

Your browser doesn’t support HTML5

Obama: Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarni inkor etish davri o'tdi

Bu qamishzor hudud timsoh, qarqara qushi va yuzlab boshqa jonivorlar va o’simliklar makoni. AQSh prezidenti uni aylanar ekan, tabiiy boylikni avaylashga undadi.

Obama 6000 kvadrat kilometrga teng maydonga aslida shu maqsadda bordi. U yerdan turib, iqlimdagi salbiy o’zgarishlar haqida xalqqa eslatib qo’ydi.

“2014-yil insoniyat tarixidagi eng issiq yil bo’ldi. O’n besh eng issiq yildan 14 tasi shu asrning birinchi 15 yilida qayd etilgan,” - dedi u.

Prezident ko’plab amerikaliklar iqlimdagi salbiy o’zgarishlarni inkor etishini biladi. Jamiyat bu borada bir fikrda emas. Ekologiya, salomatlik, turmush tarzi va mahalliy iqtisod haqida jiddiy o’ylash kerak, deydi Obama.

“Dengiz sathi ko’tarilgan sari sho’r suv quruqlikka qarab oqmoqda. Bu esa daryo va ko’llardagi chuchuk suvda yoki suv bo’yida yashovchi hayvonlar va insonlar uchun tahdiddir. Floridada 7 million odam ichimlik suvisiz qolishi mumkin”.

AQSh rahbari 2025-yilga borib karbonat angidrid gazining atmosferaga chiqariladigan hajmini ikki baravar kamaytirish niyatida. Xitoy ham 2030-yilgacha yoki undan oldin havoni bulg’ayotgan zararli gazlar hajmini pasaytiradi. Bu ikki mamlakat atmosferani ifloslantirayotgan “ilg’or” davlatlardan. AQShda respublikachilar nazoratida bo’lgan Kongress Obama rejasiga qarshi.

“Bu biz yecha olmaydigan muammo emas. Uni hal etish qo’limizdan keladi – agar siyosiy irodamiz yetsa. Bu jarayonda hatto yangi ish joylarini yaratish mumkin, iqtisodga salbiy ta’sir qilmay, aksincha, uni rivojlantiramiz,” - dedi AQSh rahbari.

Oregon shtatidagi Portland shahri sobiq meri Sem Adams hozirda AQSh Iqlim tashbbusi tadqiqotlar institutini boshqaradi. Bu aslida siyosiy muammo bo’lmasligi kerak, deydi Adams.

“Odamlar dengiz sathining ko’tarilishi, qurg’oqchilik yoxud Roki to’glarida hamda Tinch okeani sohilida kam qor yoqqani sabablari haqida boshqa-boshqa fikrga ega bo’lishi mumkin. Ammo, fikrimcha, demokratlar va respublikachilar, konservativ qarashga ega odamlar va liberallar bu muammolarni birgalikda hal qilishi kerak,” - deydi u.

Adams nazarida, Vashingtondagi siyosiy kelishmovchilikka qaramay amerikaliklar iqlimdagi o’zgarishlarga jiddiy e’tibor bera boshlagan va bu boradagi tashabbuslarni, chora-tadbirlarni ma’qullaydi.