Bayden Saudiya Arabistoniga nisbatan qanday siyosat yuritadi?

  • Amerika Ovozi

Oq uy va Davlat departamenti Qo’shma Shtatlar Saudiya Arabistoni bilan aloqalarni qayta ko’rib chiqishini, ikki tomonlama munosabatlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligiga urg’u berishini bildirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 19-fevral, 2021-yil

Sobiq prezident Donald Tramp davlatni otasi nomidan boshqarayotgan valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan ancha yaqin edi. Oq uy matbuot kotibasi Prezident Jo Bayden qirol bilan ish qilishini ma’lum qildi.

85 yashar qirol Salmon davlat rahbari bo’lgani bilan uning 35 yashar o’g’li ichki va tashqi siyosatda faol. Shahzoda o’zini islohotchi deb ataydi, biroq inson huquqlarini poymol etishda, xususan jurnalist Jamol Qoshiqchini 2018-yilda Istanbuldagi Saudiya konsulligi binosida o’ldirishni buyurganlikda mas’ul hisoblanadi.

“Amerika xalqi o’z hukumatidan Riyodga nisbatan siyosatida qonun ustuvorligi, inson huquqlarini e’zozlashga urg’u berilishini kutadi. Mushtarak manfaatlar yo’lida Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik qilamiz, ammo ular hamkorlikdan bosh tortsa, o’z manfaatlarimiz va qadriyatlarimizni himoya qilishdan tortinmaymiz”, - deydi Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.

Tahlilchilar ikki mamlakat aloqalarida katta o’zgarishlar bo’lishini bashorat qilmoqda.

“Amerika tomonidan o’zgacha yondashuv bo’ladi. Tramp prezidentligi paytida eng boshidan Saudiya Arabistoniga borib, Muhammad bin Salmonni valiahd deb tan olgan. Prezident Bayden va uning ma’muriyati buni inkor etmas deb o‘ylayman, biroq Muhammad bin Salmonni Tramp kabi o’z bag’riga bosadi deb taxmin qilmayman”, - deydi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg’armasidan Mishel Dann.

Aksariyat tahlilchilar keyingi 4 yilda AQSh-Saudiya aloqalarida inson huquqlariga kattaroq e’tibor berilishini, shu sabab ziddiyatlar bo’lib turishini bashorat qilmoqda.

“Fors ko’rfazidagi davlatlar bilan bu borada ma’lum darajada taranglik bo’lishi mumkin. Ayniqsa saudiyaliklarning ichki siyosatga kelganda ko’ngli nozik”, - deydi “Mudofaa prioritetlari” tahlil markazidan Daniel Depetris.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Saudiya Arabistonining xavfsizlikka doir qonuniy xavotirlarini tan olgan holda uni inson huquqlari masalasida tartibga chaqirib turish Bayden ma’muriyati uchun oson bo’lmaydi.