AQSh bosh diplomati savdo bobida Xitoyni tanqid qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

“Tramp ma’muriyati janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining suvereniteti, barqarorlogi va taraqqiyotini qo'llab-quvvatlaydi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Bangkokda lider yoshlar dasturi a’zolari bilan uchrashuvda.

“Biz ushbu mintaqada qonun ustuvorligi, oshkoralik, shaffoflik, adolatli boshqaruv, har bir millatning suverenitetiga ehtirom va o’zaro teng hamkorlik amal qilishini istaymiz”, - deydi bosh diplomat.

Davlat kotibi erkin savdo aloqalarining to’xtab qolishida Xitoyni aybladi.

“Bir necha o’n yil mobaynida Xitoy savdo munosabatlaridagi ustuvorligidan AQSh, butun Osiyo va janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlariga qarshi adolatsizlarcha foydalandi. Bunga chek qo’yadigan zamon keldi. Prezident bunga erishadi", - dedi Pompeo AQSh va Xitoy o'rtasida kechayotgan savdo urushiga ishora qilib.

Tramp 1-sentabrdan boshlab 300 milliard dollarlik Xitoy mahsulotlariga 10 foizlik tarif qo'yishini aytmoqda.

ASEAN mamlakatlari sammitida ishtirok etish uchun Bangkokka tashrif buyurgan Pompeo Shimoliy Koreya bilan muzokaralar tiklanishidan umidvor.

“Biz hanuz belgilagan natijaga erishish – Shimoliy Koreyani to’liq yadro qurolidan xoli zonaga aylantirish ahdida qat’iymiz. Bu ish faqat diplomatik yo’l bilan amalga oshiriladi”, - dedi u.

Davlat kotibi Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Ri Yong Xoning ASEAN sammitida ishtirok etmayotganidan afsusda ekanini aytdi.

Pxenyan Tramp ma’muriyatining muzokaralarni tiklashga doir taklifiga hali javob bergani yo’q.

Vashington Pxenyanning qisqa masofali ikki raketa sinovini o’tkazganidan bexavotir ko’rinadi. Pentagon vakilining ta’kidlashicha, raketa sinovi Janubiy Koreyaga tahdid solmagan va AQShning mudofaa pozitsiyasiga ta’sir ko’rsatmaydi.