Amerikada politsiya zo'ravonligiga qarshi namoyishlar davom etmoqda

  • Amerika Ovozi

Nyu-York, 5-dekabr, 2014-yil

Amerika shaharlarida politsiya zo'ravonligiga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Namoyishchilar qora tanli fuqarolarni o'ldirgan oq tanli politsiyachilarning sudda oqlanganidan norozi. Odamlar kecha Nyu-York, Vashington, Chikago, Detroyt, Los-Anjeles, Xyuston va Sietlda ko'chaga chiqqan.

Aksariyati yirik do'konlarda yerga yotib olgan, katta ko'chalarda transport qatnovini to'xtatib, "qora tanlilar ham odam" deya hayqirgan.

Kaliforniyaning Berkli shahrida niqob kiygan namoyishchilar politsiya bilan to'qnashgan, do'konlar o'marilgan, oynalari sindirilgan.

Prezident Barak Obama politsiya va ozchilikdagi elatlar o'rtasida ishonch rishtalarini tiklashga va'da berdi.

Kelasi shanba poytaxt Vashingtonda yirik namoyish rejalanmoqda.

BMTning ozchilikdagi guruhlar masalalari bo'yicha vakili Rita Ijak Qo'shma Shtatlarni politsiya faoliyatini qayta ko'rib chiqishga chaqirdi. Ozchilikdagi elatlar vakillariga nisbatan haddan ortiq kuch ishlatgan politsiyachilarning jazosiz qolishi odatga aylanmoqda, deydi BMT rasmiysi.