AQSh prezidentligiga da'vogar respublikachi falastinliklarni "terrorchi" deb atadi

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka da'vogar respublikachi Ayovada debat paytida, Mitt ROmni (chapda) va Nyut Gingrich, 10-dekabr, 2011-yil

AQShda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod bo'lishga umid qilayotgan arboblar kecha Ayova shtatida televizion debatda bellashdi.

Salkam bir oydan so'ng aynan shu shtatda respublikachilar ichkipartiyaviy saylovlarda ovoz beradi. G'olib demokratlardan nomzod Barak Obamaga qarshi Oq uy uchun kelasi noyabrdagi saylovlarda kurashadi.

So'nggi ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, Vakillar Palatasining sobiq spikeri Nyut Gingrichning reytingi baland (37%). Massachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romnini so'ralganlarning 22 foizi qo'llab-quvvatlagan. Uning aytishicha, Gingrich Vashingtonda ko'p ishlagani bilan iqtisodiyot bobida katta yutuqqa erishgan arbob emas. Biroq Gingrichning aytishicha, u shu paytgacha nimaga qo'l urgan bo'lsa, hammasini uddalagan.

O'tgan debatda keskin qarashlari bilan keng ommaga tanish bu arbob falastinliklarni "o'ylab topilgan, ixtiro qilingan xalq" deb atagan edi. Bu safar esa u falastinliklarni terrorchi deb ham atadi.

"Ularga terrorizm haqida maktabdan saboq beriladi", - deydi Nyut Gingirch. "Falastin davlat sifatida ilgari bo'lmagan. Usmoniylar Imperiyasining bir bo'lagi edi, xolos. Falastinliklar ham bo'lmagan. Ular aslida arablar".

Gingrich va Romni Isroilga nisbatan ashaddiy xayrixohligini bildirishda davom etar ekan, yana bir da'vogar, Texas shtatidan saylangan kongressmen Ron Pol Isroil davlati ham sun'iy ravishda yaratilganini eslatdi.

Demokratlardan yagona nomzod, amaldagi prezident Obama asosan iqtisodiyotga urg'u bermoqda. Uning aytishicha, Amerika iqtisodiyotini o'nglash oson emas, bunga bir necha yil vaqt kerak.

"Muammo tizimda va bunday tizim salkam 20 yil davomida shakllanib kelgan, ammo bu muammoni bir prezidentlik muddati davomida tuzata olmayman", - deydi Obama.

Davlat rahbari o'zini kuchli dovulga uchragan kema kapitaniga qiyoslaydi.

So'nggi paytda iqtisodiyot bir oz yaxshilangan. Ishsizlik to'qqiz foizdan 8,6 foizga tushgan. Avhol yaxshilanishda davom etsa, Obamada ikkinchi to'rt yillik muddatga saylanishga yaxshi imkoniyat bo'ladi.