AQSh: Rossiya noyabrda ham saylovlarga aralashmoqchi

  • Amerika Ovozi

Federal qidiruv byurosi direktori Kristofer Rey, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeo, Milliy razvedka direktori Den Kouts, Harbiy razvedka boshqarmasi direktori Robert Eshli, Milliy xavfsizlik boshqarmasi direktori Maykl Rojers va Milliy jug'rofiy joylashuv razvedkasi boshqarmasi direktori Robert Kardillo Senatdagi tinglovda ishtirok etmoqda

AQSh Senatidagi tinglovda qatnashgan olti razvedka idorasi rahbariga ko’ra, Rossiya noyabr oyida bo’ladigan saylovlarga ham aralashmoqchi. Qo’shma Shtatlar Kremlni 2016-yil prezident saylovlari natijalariga ta’sir qilganlikda ayblagan.

“Amerika jamoatchiligini bu tahdidning haqiqiy ekani haqida ogohlantirib qo’ymoqchimiz. Bunga tayyor turishimiz kerak. Ruslar qanday ovoz berishimiz kerakligini, mamlakatimizni qanday boshqarishimiz kerakligini belgilamasligi lozim”, - dedi AQSh Milliy razvedkasi direktori Den Kouts.

Ba’zi demokrat-senatorlar Prezident Donald Tramp Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashganini yolg’on deb ishonmayotganidan, bunga qarshi chora ko’rishga ko’rsatma bermayotganidan norozi.

“Prezidentimiz Rossiya solayotgan tahdidni inkor etishda davom etmoqda. Imkon bo’lganida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirmadi. “Twitter”da ham bu haqda lom-mim demadi. Hukumat bu tahdidga qarshi chora ko’rishi, tashabbus yuqori rahbariyatdan kelishi kerak”, - deydi senator Mark Uorner.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Mayk Pompeo Tramp ma’muriyatining Rossiya siyosatini himoya qildi.

“Oq uy ma’muriyati Ukrainaga mudofaa uchun qurol berdi, Suriyada ruslar shashtini tushiryapmiz, Venesuelaga nisbatan Rossiya manfaatlariga zid sanksiyalarni qo’lladik. Boshqa harakatlarimiz ham ruslarga qattiq tegmoqda”, - deydi u.

Salkam to’qqiz oydan so’ng AQShda Kongressga va shtat qonunchilik organlariga saylovlar bo’lib o’tadi. Har ikki asosiy partiyadan qonunchilar federal, shtat va mahalliy doiradagi hukumatlarni saylovlarni kiber-xurujlar va yolg’on ma’lumot tarqatish kampaniyasidan himoya qilishga chora ko’rishga chaqirmoqda.