Senat Riyodni sudga tortish huquqini beruvchi qonunni ma'qulladi

  • Amerika Ovozi

Riyod, Saudiya Arabistoni

AQSh Senati 2001-yil 11-sentabr xurujlarida halok bo'lgan 3000 ga yaqin odamning yaqinlariga yetkazilgan zarar uchun Saudiya Arabistoni hukumatini sudga berishga ruxsat beruvchi qonunni ma'qulladi.

Riyod 15 yil oldin ro'y bergan fojeaga aloqador emasligini ta'kidlab keladi. Ammo to'rt yo'lovchi samolyotini olib qochgan 19 odamning 15 nafari Saudiya fuqarolari ekani aniqlangan.

Yangi qonun asosida Amerika sudi, agar fuqarolar sudga murojaat qilsa, Saudiyaning 11-sentabr xurujlariga aloqasini va qurbonlar uchun tovon to'lash masalasini ko'rib chiqadi.

Riyod, agar qonun qabul qilinsa, AQSh iqtisodiyotiga kiritgan milliardlab dollar mablag'ini olib chiqishi haqida ogohlantirgan.

Qonun loyihasini endi Vakillar Palatasi ma'qullashi, so'ng Prezident Barak Obama imzolashi lozim.

Obama, agar qonun uning stoligacha kelsa, veto qo'yishini bildirgan. Prezident so'zlariga ko'ra, bunday chora xorijdagi amerikaliklar hayotini xavf ostiga qo'yadi.

"Ushbu xavotirlarni hisobga olsak, prezidentning bu qonunni imzolashini tasavvur qilish qiyin", - dedi Oq uy so'zlovchisi Josh Ernst.

Qonun atrofida bahslar kuchayayotgan bir paytda Obama 11-sentabr xurujlariga oid ilk hisobotning maxfiy saqlangan 28 sahifasini ommaga oshkor qilish yoki qilmaslik ustida bosh qotirmoqda. Bu hujjatda Saudiya Arabistonining fojeaga aloqasi haqida ma'lumotlar borligi aytiladi.