AQSh Senati tekshiruvi saylov tizimidagi nuqsonlarni aniqladi

  • Amerika Ovozi

AQSh senatorlari

AQShda Prezident Donald Tramp tanqidchilari uni Rossiyadagi saylovlarda g’alaba qozongan Vladimir Putinni telefon orqali tabriklagani uchun koyimoqda. Tramp Putin bilan uchrashib, muhim global masalalar haqida gaplashib olishim kerak, deydi.

“Suhbat yaxshi o’tdi. Yaqin orada yuzma-yuz ko’rishib, nazoratdan chiqib ketayotgan qurollanish poygasi haqida, Ukraina, Suriya, Shimoliy Koreya va boshqa masalalarda gaplashamiz”, - dedi Tramp.

Bu o’rtada AQSh Senatining razvedka qo’mitasi Rossiya bo’yicha tergov xulosalarini oshkor etdi. Unga ko’ra, bu mamlakat 2016-yilda Amerikadagi prezident saylovlari natijalariga ta’sir qilishga harakat qilgan.

“Rossiya 21 shtatda saylov tizimiga kirishga uringan. Kamida bir joyda saylovchilar ma’lumotlar bazasiga kirishgan”, - deydi Shimoliy Karolinadan saylangan senator Richard Bur.

Qo’mita a’zolari ovozlar soxtalashtirilgani haqida dalilga ega emasmiz, deydi. Taftish natijasida aksariyat shtatlarda ovoz berish tizimi eskirgani aniqlandi.

“40 shtatda 10 yildan oshiq vaqtdan beri ishlatilayotgan ovoz berish apparatlari borligini, ulardagi programmalarning eskirganini va hatto bu programmalarni yangilash imkoni yo’qligini aniqladik”, - deydi Virjiniya shtatidan demokrat senator Mark Uorner.

Respublikachi va demokrat qonunchilardan iborat taftish guruhi noyabr oyida bo’ladigan Kongress saylovlarida jarayonga chetdan aralashish holatlarining oldini olish uchun ovoz berish texnikasini yangilashga, xavfsizlik choralarini kuchaytirishga, shtatlarni elektron shaklda berilgan ovozlarni qog’ozga ham tushirishga chaqirdi.