AQSh Senati Saudiya Arabistoniga qurol savdosini to'xtatmoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh qonunchilari Saudiya Arabistonini inson huquqlarini poymol etishda, Yaman urushini davom ettirishda, jurnalist Jamol Qoshiqchini o’ldirishda mas’ul tutarkan, Oq uyning qirollik hamda unga qo’shni Birlashgan Arab Amirliklariga qurol sotish harakatlariga to’siq qo’ymoqchi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 17-iyun, 2019-yil

Shartnoma qiymati sakkiz milliard dollar atrofida baholanmoqda. Tramp ma’muriyati Kongress qurol savdosiga aralashmasligi uchun kelishuvni Eron tahdidini bartaraf etishga qaratilgan favqulodda holat e’lon qilish orqali amalga oshirmoqchi bo’lgan.

AQSh senatorlari Saudiya Arabistonidan norozi.

“Saudiya Arabistoni bilan hozirgi aloqalarimiz Amerikaga foyda keltirmayapti. Bu mamlakatda o’zgarishlar bo’lmas ekan, masalani nazorat qilishda davom etaman”, - deydi respublikachi senator Lindsi Grem.

“Bizdan himoya so’ragan fuqarosini o’g’irlab, konsullik xizmatiga olib kirib, uni g’oyib qilgan mamlakat bizga ittifoqchi bo’lishi mumkinmi? Saudiya Arabistoni bilan ittifoqchilik mohiyati fosh bo’ldi”, - deydi demokrat qonunchi Kris Myorfi.

Bir necha oy oldin Senat AQShning Yamanda Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi harbiy kampaniyasiga yordamni to’xtatishga ovoz berdi, qonunchilar qirollik hamda koalitsiyaga kiruvchi Birlashgan Arab Amirliklariga qurol-yarog’ sotishga ham qarshi. Tramp ma’muriyati bu ishni Kongress tasdig’isiz uddalashga urinayotgani har ikki partiya qonunchilari tanqidiga uchramoqda.

“Saudiya Arabistoni bilan aloqalarimizga dog’ tushirgan voqealarga qaramay, prezidentimizning bu mamlakatga Kongress tasdig’isiz qurol sotishga intilayotgani bu kengashda yolg’iz meni xavotirga solmayotgani quvonarli hol”, - deydi demokrat senator Robert Menendes.

Trampning Kongress qaroriga qo’ygan vetosini bekor qilish uchun yuqori palata a’zolarining uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak, biroq ayrimlar yetarlicha ovoz to’planishiga ishonmaydi. O’tgan hafta Senat Bahrayn va Qatarga qurol sotish qarorini to’sishdan bosh tortdi. Palatadagi munozaralar ko’plab respublikachi qonunchilarning Yaqin Sharqqa qurol sotish tarafdori ekanini ko’rsatmoqda.

“Amerika sanksiyalari ta’sirida Eron iqtisodiyoti tushkunlikka tushgan sari oyatullalar dunyoga qarshi bosh ko’tarmoqda. Bunday xavfli bir paytda Fors ko’rfazidagi hamkor davlatlarga o’zini Eron bosqinidan mudofaa qilishiga yordam berishimiz muhimdir”, - dedi senator Tom Kotton.

Respublikachi qonunchilar nazarida, Amerika ittifoqchi davlatlarga qurol sotmasa, ular AQSh raqiblariga murojaat etishga majbur bo’ladi.