Demokrat senator poraxo’rlikda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Demokratik partiyasining yuqori martabali a’zosi, senator Robert Menendez bir million dollarga yaqin pora olganlikda ayblanmoqda.

Prokurorlarning aytishicha, Nyu-Jersidan saylangan qonunchi yaqin do’sti bo’lmish bir shifokor bilan “sendan ugina, mendan bugina” qabilida ish yuritib, undan katta miqdorda sovg’alar olgan, turli davlatlarga sayohat qilgan va kurortlarga borib kelgan.

61 yoshli Robert Menendez, kubalik immigrantlar farzandi, Kongressda uzoq yillar xizmat qilib, yuqori pog’onalarga ko’tarilgan latinolardan. Unga qarshi qo’yilgan ayblovlar 14 banddan iborat, jumladan poraxo’rlik, tovlamachilik va yolg’on ma’lumot berganlik.

Yaqin o’tmishda Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasiga rahbarlik qilgan Menendez o’zini aybsiz deb biladi.

“Lavozimdan ketish niyatim yo’q. Mening ovozimni o’chirish uchun uch yil oldin siyosiy maqsadlarda boshlangan bu tergovdan g’azabdaman. Meni albatta oqlashadi”, - deydi u.

Sud ishi uzoqqa cho’zilishi turgan gap. Prokurorlar qonunchi va floridalik doktor jinoiy maqsadlarda bir-biriga ko’maklashgani va oldi-berdi qilganini isbotlashi zarur.