Snouden josuslikda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi
AQSh maxfiy kuzatuv dasturiga oid ma’lumotni oshkor etgan Edvard Snoudenga rasman ayblovlar qo’yildi.

Vashington Gonkongdan Snoudenni hisbga olishni so’ragan.

AQSh Milly Xavfsizlik agentligida ishlagan kompyuterchi ishxonasidan maxfiy hujjatlar nusxalarini olib, mamlakatni tark etgan va Gonkongda boshpana topgan edi.

Ayblovlar sirasida josuslik, o’g’rilik va hukumat mulkini o’zlashtirish kabilar bor.

Snouden fosh etgan hujjatlarga ko’ra, AQSh razvedka xizmatlari dunyo bo’ylab amerikaliklar va xorijliklarning telefon suhbatlarini eshitgan, internetdagi muloqotini kuzatib borgan.

Snouden fuqaro huquqlari va erkinliklarini cheklaydigan bunday dasturdan hamma xabardor bo’lishi kerak, deb hisoblashini aytgan.

AQSh hukumati esa bunga javoban, to’plangan ma’lumotlar natijasida terror xurujlarining oldi olingan, deya ta’kidlamoqda.

Gonkong hukumati AQSh bilan ekstraditsiya haqida kelishuvga ega. So’nggi yillarda bir necha jinoyatchi Amerika hukumatiga topshirilgan. Ammo Xitoy o’z hududidan esktraditsiyani man etishi mumkin.

Snouden Xitoy matbuoti bilan intervyuda “men bu yerga adolatdan qochish uchun emas, jinoyatni oshkor etish uchun kelganman”, - degan.