AQSh Seulga josus samolyotlar taklif qilyapti

  • Amerika Ovozi

Global Xok (Global Hawk) - AQShning pilotsiz josus samolyoti

Obama ma’muriyati Janubiy Koreyani shimoldagi qo’shnisining ehtimoliy hujumlaridan himoya qilish maqsadida Seulga pilotsiz uchadigan, ilg’or texnologiyali josus samolyotlarini sotishni taklif qilmoqda. Shartnoma qiymati 1,2 milliard dollarga teng.

AQSh Mudofaa xavfsizligi hamkorligi boshqarmasi yuqori balandlikda ucha oladigan “Global Xok” rusumidagi apparatlarni Janubiy Koreyaga sotish haqida Kongressni xabardor qilgan.

Tahlilchi Bred Glossermanning aytishicha, samolyotlar Seulga Shimoliy Koreyani kuzatish va hujum ehtimoliga tayyor turish imkonini beradi.

"Shimoliy Koreyada agentlar yordamida josuslik qilish murakkabligini hisobga olganda pilotsiz samolyotlardan katta foyda bo’ladi", - deydi ekspert.

Apparat eni 30 santimetrdan kam bo’lgan jismlarni 20 kilometr balandlikdan turib aniqlay oladi.

Pxenyan bir necha kun burun orbitaga raketa uchirib, qo’shni davlatlarni xavotirga soldi. Shimoliy Koreya ob-havoni kuzatish uchun sun’iy yo’ldosh uchirganini aytsa, xalqaro hamjamiyat nazarida Pxenyan ballistik texnologiyani sinovdan o’tkazgan.

Janubiy Koreya AQShdan josus samolyotlarni sotib olish istagini hali bildirmagan.