AQSh-Janubiy Koreya sammiti qoldirildi, ammo aloqalar mustahkam

  • Amerika Ovozi

Janubiy Koreyada "MERS" virusi tarqalgani uchun mamlakat rahbari AQShga belgilangan safarini qoldirdi.

Janubiy Koreyada nafas yo’llari yallig’lanishiga oid “MERS” virusi tarqalishi oqibatida Seul AQSh bilan belgilangan sammitni bekor qildi, ammo shunga qaramay har ikki tomon o’zaro aloqalar har doimgidek mustahkam ekanini e’lon qildi.

Oq uyning aytishicha, Prezident Barak Obama Janubiy Koreya rahbari Pak Gven Xe bilan gaplashib, AQShga belgilangan tashrifning qoldirilishi haqida qabul qilingan qarorni tushunishini bildirgan. Ikki president 16-iyun kuni Vashingtonda uchrashishi rejalangan edi.

Prezident Pak idorasi bayonot chiqarib, unda qabul qilingan qarorni qo’llab-quvvatlagani va aloqalarni yanada mustahkamlash ahdida qat’iy ekanini bildirgani uchun Seul Obamadan minnatdor ekani aytilgan.

Mamlakatda sog’liqni saqlash bo’yicha favqulodda vaziyat yuz bergan bir paytda Prezident Pak AQShga jo’nab ketsa, jamoatchilik norozi bo’lib, siyosiy mojaro kelib chiqishi mumkinligi haqida xavotirlar mavjud edi. Shuning uchun president safarini qoldirishga qaror qilgan.

Siyosiy tahlilchilarning aytishicha, Obama ham, Pak ham o’zaro aloqalarda hozir ziddiyatlar yuzaga kelishini istamaydi.

Shu paytgacha Janubiy Koreyada 16 odam “MERS” virusidan halok bo’lgan, yana besh yangi bemor aniqlangan. Virus yuqtirganlar soni 150 dan oshgan.