Kerri Suriyada harbiy parvozlarni to'xtatishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Bosh diplomatning aytishicha, harbiy parvozlar man qilinsa, Suriya armiyasi jangarilarni urish bahonasi bilan tinch aholini bombardimon qilishiga ham chek qo'yiladi.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Suriyada sulh saqlab qolinishi uchun mamlakatda harbiy parvozlarni bas qilish lozim.

Qo'shma Shtatlar va Rossiya 9-sentabr kuni Suriyada otishmani bas qilishga kelishgan edi. Ammo ikki qonli voqea sulhga pand berdi.

"Bitim kuchini saqlab qolsin desak, muhim shaharlar uzra parvozlarni butunlay to'xtatishimiz kerak. Toki ziddiyat barham topib, gumanitar karvonlar manzillarga yetib borsin", - dedi Kerri.

Bosh diplomatning aytishicha, harbiy parvozlar man qilinsa, Suriya armiyasi jangarilarni urish bahonasi bilan tinch aholini bombardimon qilishiga ham chek qo'yiladi. Taqiq Suriyada ichki muzokaralarni ham jonlantirishi mumkin.

"Kasalxonalarni bombardimon qilib, aholi punktlariga xlor gazi kabi zaharli moddalarni sochayotgan hukumat bilan qaysi odam muzokara stoliga o'tiradi? Jenevada o'tirib, muzokara qilishdan nima foyda? Amalda sulhga amal qilishmayapti-ku!" - deydi Kerri.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Halabda dushanba kuni gumanitar karvonga hujum haqida har xil fikrlar yangramoqda. O'sha kuni 20 kishi o'lgan edi.

Lavrov hujum xolis, izchil tergov qilinishi kerak, deydi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson nazarida ham insonparvarlik karvoniga kim hujum qilgani haqida xulosa qilishga erta. Biroq Rossiyaning qo'li bor, degan taxminlar yo'q emas.

Faqat Rossiya va Suriya jangovar samolyotlari parvoz qilgan u atrofda, deydi Jonson.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 22-sentabr, 2016-yil