AQSh generali Tolibon bilan muloqot haqidagi izohiga aniqlik kiritdi

  • Amerika Ovozi

AQSh armiya generali Jon Nikolson

AQSh harbiy kuchlarining Afg’onistondagi qo’mondoni general Jon Nikolsonning aytishicha, Afg’onistonda 17 yillik urushga barham berish maqsadida Qo’shma Shtatlar Tolibon harakati bilan bevosita muloqotga tayyor ekani haqidagi uning gaplari noto’g’ri talqin etilgan.

Nikolson dushanba kuni bu haqda Afg’oniston hukumati va qabilaviy yetakchilarni xabardor qilgan.

Generalning ma’lum qilishicha, o’tgan hafta Kobulga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo AQSh tinchlik yo’lida Tolibon, afg’on hukumati va xalqi bilan ish qilishga tayyor ekanini aytgan.

“Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Tramp ma’muriyati AQSh diplomatlariga Tolibon bilan bevosita muloqot boshlashga hozirlik ko’rishga ko’rsatma bergan.

“Tolibon bunday muloqot tinchlik jarayonini tezlashtirishda yordam berishini anglab yetadi degan umiddamiz”, - deydi general.

AQSh Davlat departamenti rasmiylaridan birining aytishicha, Qo’shma Shtatlar tinchlik jarayoniga turtki berish maqsadida afg’on hukumati bilan maslahatlashgan holda barcha imkoniyatlarni ishga soladi va Afg’oniston siyosiy kelajagi bo’yicha muzokaralar Tolibon va afg’on hukumati o’rtasida kechadi.