AQSh va Ukraina vazirlari strategik xavfsizlik haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba Vashingtonda bo’lib, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan strategik xavfsizlik xususida gaplashdi. Ukraina Mudofaa vazirligi Ukraina-Rossiya chegarasida 90 mingga yaqin rus askari joylashganini tahdid deb ko’rmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 12-noyabr, 2021-yil

Blinken AQSh Ukraina xavfsizligini qo’llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.

“Moskvaning niyati qanday ekanini aniq bilmaymiz, biroq qanday qo’llanmaga amal qilishidan xabardormiz. Rossiya 2014-yilda chegarada qo’shinlari sonini oshirib, suveren Ukraina hududiga provokatsiya haqidagi yolg’on da’volari asosida kirganini eslaymiz va bunday jiddiy xatoga yana yo’l qo’yishidan xavotirdamiz”, - dedi davlat kotibi.

Kulebaning aytishicha, Rossiyaning Kiyevga qarshi agressiyasi Ukraina G’arb tashkilotlarining to’laqonli a’zosi bo’lganidan so’ng to’xtaydi. Ukraina NATOga a’zo bo’lishni istaydi, Moskva bunga qarshi, Ukrainaning NATO bilan o’tkazilayotgan harbiy mashg’ulotlarini Rossiyaga tahdid deya e’tiroz bildirib turadi.

Amerika va G’arbning Ukrainaga xayrixohligi va yordami Rossiya agressiyasiga qarshi qalqondir, deydi Kuleba. Vazirga ko’ra, Rossiya energiya manbalaridan Ukraina va Yevropaga qarshi qurol sifatida qo’llanmoqda.

“Rossiya Yevropa Ittifoqi bozorida keltirib chiqargan yoqilg’i inqirozi gazning qurol sifatida qo’llanilishiga bir misol. AQSh va Germaniyaning qo’shma bayonotini juda yaxshi eslaymiz: “Agar Rossiya energiya manbalaridan qurol sifatida foydalanishni boshlasa, Germaniya dadil chora ko’radi” deyilgan edi. Germaniyaning Ukrainaga doimiy yordami uchun minnatdormiz, ammo aslida nima bo’lyapti?”, - deydi Kuleba.

Ukraina armiyasi sharqiy hududlarda isyonchilar bilan jang qilishda davom etarkan, Blinken va Kuleba o’rtasida xavfsizlik bo’yicha muloqot juda muhim, deydi sobiq elchi Uilyam Teylor.

“So’nggi 2 oyda Rossiya rahbariyati ayrim tashvishlanarli bayonotlar qildi. Masalan, Ukrainaning haqiqiy davlat emasligini aytdi. Bu tahdidli va provokatsion bayonotdir. Ukraina va AQSh uchun o’zaro aloqalarini kuchaytirish va rejalarni muvofiqlashtirish vaqti keldi”, - deydi AQSh Tinchlik instituti eksperti.

Teylorning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiya yil boshida ham Ukraina chegarasida qo’shinlarini to’plaganida Prezident Jo Baydenning jiddiy e’tirozidan so’ng Putin harbiylarining aksariyatini chiqarishni buyurgan, biroq harbiy texnikaning hammasi olib chiqilmagan.