AQSh Ukrainada harbiy treninglarni kengaytiradi

  • Amerika Ovozi

Obama ma'muriyati Ukraina xavfsizlik kuchlarini treningdan o'tkazish dasturi kengaytirilishini e'lon qildi. Shu kungacha faqat Ichki ishlar vazirligi qoshidagi gvardiya bilan harbiy mashqlar o'tkazib kelinayotgan edi.

Rasmiylarning aytishicha, kuzdan boshlab mashg'ulotlarga oddiy askarlar va maxsus kuchlar ham jalb etiladi.

Qo'shma Shtatlar bo'lginchilarga qarshi kurashib kelayotgan Ukraina armiyasiga noharbiy yordam berishda davom etmoqda. Lekin Kiyevga og'ir qurollar uzatish rejamiz yo'q, deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Mark Touner.

AQSh zobitlari ishtirokidagi kuzgi harbiy treninglar Ukraina g'arbida, Polsha bilan chegaradosh hududlarda o'tkaziladi. Ukraina xavfsizligi va mudofaa tizimlarini kuchaytirishga qaratilgan dasturlarga Amerika o'tgan yildan buyon jami 245 million dollar ajratgan.

Vitse-prezident Jo Bayden Ukraina rahbari Petro Poroshenko bilan telefon suhbatda Ukrainada korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan qonun ovozdan o'tganini olqishlagan.