AQSh Ukraina sharqidagi mojaro yuzasidan yangi sanksiyalar e'lon qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Ukraina sharqidagi mojaro yuzasidan bu davlat va Rossiyadagi bir necha shaxs va tashkilotlarga yangi jazo choralarini tatbiq qildi.Yangi sanksiyalarga yo'liqqan shaxs va tashkilotlar guruhi Ukraina suverenitetiga tahdid solganlikda ayblanmoqda.

AQSh Moliya vazirligi e'lon qilgan ro'yxatda 14 kishi bo'lib, ularning 8 nafari sharqiy ukrainalik ayirmachilar, ikkitasi esa Rossiyaga qarashli tashkilotlar. Ular orasida Qrimda faoliyat ko'rsatayotgan Rossiya Milliy tijorat banki ham bor.

Ro'yxatga kiritilganlarning AQShda joylashgan mol-mulki muzlatib qo'yiladi hamda ularning AQShga kirishiga yo'l qo'yilmaydi.

Ro'yxatga rossiyalik olim Aleksandr Dugin ham kiritilgan. Uning Yevrosiyo yoshlar ittifoqi nomli tashkiloti Ukrainada jang qilish uchun odam yollaganlikda ayblanmoqda.

Sobiq Ukraina Prezidenti Viktor Yanukovich bilan ishlagan uch nafar siyosatchi ham qora ro'yxatda. Ular davlat pulini o'margani uchun jazoga tortilgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Sergey Ryabkov yangi sanksiyalarni "siyosiy provakatsiya" deb atadi.

Obama ma'muriyati, shuningdek, Ukrainaga qo'shimcha 75 million dollardan ziyod hujumkor bo'lmagan mudofaa qurollari yetkazilishini ma'lum qildi. Ular orasida qurolli mashinalar, pilotsiz dron hamda tungi durbinlar bor.