AQShda koronavirusga qarshi vaksina oktabr oxirida tarqatila boshlashi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQShning Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi shtatlardagi sog’liqni saqlash mutasaddilaridan oktabr oxirida koronavirusga qarshi ehtimoliy vaksinani yuqori xavf guruhiga mansub odamlarga tarqatishga tayyor bo’lishni so’ragan.

Markazning chorshanba kuni chop etilgan hujjatlaridan ma’lum bo’lishicha, vaksina boshida tibbiy xodimlar, milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi kadrlar, qariyalar uylari aholisi va xizmatchilariga bepul tarqatiladi.

Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, hukumat vaksinani noyabrda bo’ladigan prezident saylovlaridan oldin tarqatishga ulgurmoqchi. Bu qayta saylanishga umid qilayotgan Donald Trampga qo’shimcha ovoz olishda yordam berishi mumkin, deydi ular.

AQShda 180 mingdan ziyod odam koronavirusdan o’lgan. Tramp ma’muriyati vaksina yaratish bilan shug’ullanayotgan turli kompaniyalarga milliardlab dollar sarmoya qilgan.

Mamlakatning yuqumli kasalliklar bo’yicha bosh mutaxassisi Entoni Fauchining aytishicha, noyabr yoki dekabrga borib, qaysi vaksina xavfsizroq ekanini bilish mumkin.

Ayni paytda o’nlab kompaniyalar vaksina ustida izlanish olib bormoqda. AQSh xavfsiz va samarali vaksinani yaratishda “Moderna”, “AstraZeneka”, “Pfayzer” kompaniyalarini peshqadam deb biladi.