AQSh Venesuela muxolifati yetakchisini vaqtincha prezident deb tan oldi

  • Amerika Ovozi

Venesuelaning vaqtincha prezidenti Xuan Guaydo

Prezident Tramp Venesuelada muxolifat yetakchisi Xuan Guaydoni bu mamlakatning vaqtincha prezidenti sifatida rasman tan oldi. Tramp bayonotidan oldin Venesuela parlamenti Nikolas Maduro prezidentligini noqonuniy deb e’lon qildi, Guaydo o’zini vaqtincha prezident deb e’tirof etdi.

23-yanvar kuni poytaxt Karakas ko’chalari Maduro hukmronligiga chek qo’yish talabi bilan chiqqan minglab odamlarga to’ldi. Politsiya bilan to’qnashuvlarda ayrimlarning halok bo’lgani ma’lum.

Venesuela muxolifati yetakchisi va Milliy majlis raisi Xuan Guaydo o’zini vaqtincha prezident deb e’lon qildi.

“Uzurpatsiya va xiyonatkor hukumatga chek qo’yish hamda erkin saylovlar o’tkazish uchun davlat rahbari lavozimini vaqtincha bajarishga kirishar ekanman, ijroiya hukumatning barcha vakolatlarini o’z qo’limga olyapman”, - dedi Guaydo.

Maduro tarafdorlari ham namoyish qildi.

“O’rtoq Nikolas Maduro yetakchiligidagi bolivarchi inqilobni himoya qilish uchun Karakas ko’chalariga chiqdik”, - deydi Ismoil Seder ismli odam.

Maduroga sodiq sudyalardan iborat Oliy sud parlament harakatini tergov qilishga buyurdi.

Qo’shma Shtatlar Guaydoni vaqtincha prezident sifatida tan olib, Maduro hukumatini o’zgarishlarni talab qilayotgan fuqarolarga qarshi kuch ishlatmaslikka chaqirdi. Maduro bunga javoban AQSh bilan diplomatik aloqalarni uzib, Amerika diplomatlariga mamlakatni tark etish uchun 72 soat vaqt berdi.

“AQShning imperialistik hukumati bilan diplomatik aloqalar va siyosiy munosabatlarni to’xtatishga qaror qildim”, - dedi Prezident Maduro.

Braziliya va Kolumbiya kabi mintaqadagi ba’zi mamlakatlar ham Guaydoni olqishladi.

“Venesuela xalqi o’zini diktaturadan xalos etishi uchun Kolumbiya Xuan Guaydoni prezident sifatida tan oladi va demokratiyaga o’tish jarayonini qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Kolumbiya Prezidenti Ivan Duke.

Maduro 2013-yilda prezidentlikka kelganidan beri iqtisodiy inqiroz kuchayib, oziq-ovqat va dori-darmon kamomadi so’nggi yillarda ikki milliondan ziyod odamni mamlakatni tark etishga majbur qildi.