Yamanda Amerika havo hujumida 13 jangari o'lgan

  • Amerika Ovozi

Yaman poytaxti Sano ko'chalarida Amerika dronlariga qarshi tasvirlar

AQSh harbiylarining aytishicha,Yamanda oxirgi ikki haftada al-Qoidaga aloqador to'da nishonga olinib, kamida 13 jangari yo'q qilindi.

Reydlar 24-avgust va 4-sentabr orasida Shabva viloyatida amalga oshirildi, deya bildiradi Amerika Markaziy qo'mondonligi.

Arab yarimorolida o'rnashib olgan al-Qoida ham mintaqa, ham Qo'shma Shtatlar uchun hanuz salmoqli tahdid bo'lib qolmoqda, deydi harbiylar.

Al-Qoida Yamanni ichdan yemirib borayapti; mamlakat notinch ekanidan foydalanib, bu yerdan turib region va Amerika hamda ittifoqchilarga hujumlar uyushtirmoqda, deyiladi qo'mondonlik bayonotida.

Amerika regionda mana yetti yildirki al-Qoidani havodan urib keladi. Yuzdan oshiq bunday havo hamlalari oqibatida jangarilarning sardorlari yo'q qilindi. Ammo bu zarbalardan tinch aholi orasida ham talofatlar yo'q emas.

Joriy yilning iyul oyida Oq uy Yaman, Pokiston, Afg'onistonda 2009-yildan beri dron hujumlari natijasida kamida 64 nafar tinch fuqaro nobud bo'lganini e'tirof etdi. Huquq tashkilotlari bu raqam aslida ko'proq, deydi.