Florida Zikaga qarshi kurash uchun hukumatdan pul so'ramoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Florida shtati rasmiylari Zika virusi tarqalishiga qarshi kurash uchun federal hukumat Kongressdan so’ragan salkam ikki milliard dollarning bir qismini olishga umid qilmoqda. So’nggi paytda sayyohlar orasida ommabop bo’lgan Mayami-Bich shahri atrofida bu kasallik alomatlari aniqlangan.

Jami Florida shtatida mamlakat bo’ylab eng ko’p bemor qayd etilgan – 524 odam Zika virusiga chalingan, aksariyati xorijga safari chog’ida, asosan Lotin Amerikasida. 36 odam virusni shtatning o’zida yuqtirgan.

"Federal hukumat yordamiga muhtojmiz. Shtat va tumanimizga zudlik bilan pul kerak, virusga qarshi kurashni darhol boshlashimiz zarur”, - deydi Mayami-Bich meri Filip Livayn.

Yaqinda mayamilik ikki odam hamda uch sayyohda Zika virusi aniqlangach, shtat ma’muriyati harakatga tushdi. Uy atroflariga virus tashuvchi chivinlarga qarshi pestitsidlar purkandi. Biroq bu chora kamlik qiladi, deydi rasmiylar.

"Vaksina yaratish uchun pul kerak. Pul bo’lmasa, olimlarimiz izlanishlarni davom ettirolmaydi", - deydi floridalik qonunchi.

Qo’shni Luiziana shtatida yaqinda yuz bergan toshqin Zika virusining kengroq hududga tarqalishiga olib kelishi mumkin, deydi yetakchi mutaxassis Entoni Fauchi.

"Texas yoki Luiziananing o’zida virus paydo bo’lsa, ajablanmasdim. Ayniqsa, toshqindan so’ng. Suv ko’chada hali ko’p turadi", - deydi u.

AQSh Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi homilador ayollarga Mayamining ayrim joylariga bormaslikni tavsiya qiladi. Ko’p hollarda bu virusga chalingan homilador ayollarda kasal chaqaloqlar tug’ilishi aniqlangan.