Kiyevdagi boks jangida o'zbekistonlik yutdimi?

Jamshidbek Najmiddinov ringda Viktor Postol bilan, 16-sentabr, 2017

16-sentabr kuni Kiyevda o‘tgan boks kechasida o‘zbekistonlik Jamshidbek Najmiddinov sobiq jahon chempioni Viktor Postol bilan jangda raqibini ikki bor nokdaun holatiga tushirganiga qaramasdan mag‘lub deb topildi.

Hakamlarning bu qarori nafaqat Najmiddinovning murabbiylar shtabida, balki jangni kuzatgan ko‘plab ekspertlarda ham keskin e’tiroz uyg‘otdi.

Reyting ko‘rsatkichlari uchun 10 raundlik qilib belgilangan jang Kiyevdagi boks kechasining markaziy jangi maqomida edi.

WBS yo‘nalishi bo‘yicha ukrainalik sobiq jahon chempioni Viktor Postol chempionlik kamarini o‘tgan yili Los-Vegasda amerikalik bokschi Terens Krouford bilan jangda boy bergan edi.

Your browser doesn’t support HTML5

Boks: Jamshidbek Najmiddinov Viktor Postol bilan jang qildi

​Hozir ham WBS taqvimi bo‘yicha dunyoning uchinchi raqamli bokschisi sifatida e’tirof qilingan Viktor Postol uchun Jamshidbekka qarshi uchrashuv o‘ta qiyin kechdi.

Najmiddinov jangni o‘ta faollik bilan boshladi, beshinchi raundga kelib kuchli zarba o‘tkazib yuborgan Postolda nokdaun holati qayd etildi, referi hisobni ochdi.

Keyingi safar esa referi Najmiddinovning yana bir kuchli zarbasi tufayli muvozanatini yo‘qotgan Postolda yaqqol nokdaun holatini qayd etmadi.

Jang nihoyasida so‘nggi ikki raundan tashqari barcha raundlarda raqibiga biror imkoniyat qoldirmagan Jamshidbek Najmiddinov hakamlarning bir ovozdan bergan qaroriga ko‘ra mag‘lub deb topildi.

Boks kechasi keskin munozaralar bilan yakunlandi.

Bokschi Jamshidbek Najmiddinovning Kiyevdagi jangi