Olimjon Sharipov: AQShdagi qatliomlarning elat va dinga aloqasi yo'q

Olimjon Sharipov (chapdan), Chikagoda asoslangan vatandoshlar tashkiloti, O'zbek-Amerika Uyushmasi rahbari

Chikago va uning atrofidagi minglab o'zbeklarni birlashtirgan O'zbek-Amerika Uyushmasiga bosh-qosh vatandosh Olimjon Sharipov fikricha, farzandlar tarbiyasiga jiddiy e'tibor berish kerak.

Florida shtatining Orlando shahrida 50 kishini hayotdan olib ketgan qatliomda yosh musulmon amerikalik ayblanmoqda. Bu voqea mamlakat bo'ylab yashovchi millionlab musulmonlar, xususan muhojirlar hayotiga e'tiborni oshirgan.

O'zbeklar nima deydi? Vatandoshlar vaziyatgan qanchalik ogoh?

Muhojirlar qanchalik tolerant?

O'tgan yillarda AQShda bir necha o'zbek terrorizmda ayblandi, ayrimlari sudlanib, uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etildi. Radikalizm va ekstremizm Amerikadagi yoshlar orasida qanchalik keng?

AQShda farzand tarbiyalashning o'ziga xos qiyin tomonlari bor, deydi Olimjon Sharipov. Yangi jamiyat talablariga moslashish kerak, shu bilan birga milliy qadriyatlarni ham chetga sura olmaymiz. Xo'sh, muvozanat qayerda?

Musulmon va muhojir bo'lish hozir Amerikada qanchalik xavfli? Tinglang.

Olimjon Sharipov - ijodkor. "Amerika Ovozi" bilan gaplashganida har safar o'z she'rlaridan o'qib beradi. Bu safargisi suhbatimizdagi mavzular bilan bog'liq.

Bu “besh kunlik” dunyoda

Shayton aytar: Ko’p ham joning qiynama,

Yetim ko’rsang yurak-bag’ring tig’lama,

Befarq bo’lgin - har narsaga yig’lama

Yayrab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Ayb emasdur o’g’irlik bu ro’shnoda,

Qancha davlat yig’sang bo’lmas ziyoda,

Umring o’tar suv oqqandek daryoda,

Yashab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Ko’rmaysanmi?—ne-ne go’zal jononlar,

Ayshin surar ular-la mard o’g’lonlar,

May ichishib, kayf qilishib shodonlar,

O’ynab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Kerak paytda mayli yolg’on so’zlagin,

Foyda bo’lsa qasam ichgin-bo’zlagin.

Yer yonsa ham pinagingni buzmagin.

Yayrab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Ko’p urinma bo’lolmaysan farishta,

Faqat g’ovga duch kelasan har ishda,

Vijdon quli doim g’amda- tashvishda,

Quvnab qolgin bu “besh kunlik” dunyoda.

Vijdon aytar: Bandi bo'lma Shaytonga,

Umr bir bor beriladi insonga,

Yomon otlik bo’lmay desang jahonga,

Meni tingla bu “besh kunlik” dunyoda.

O’zing o’yla - gar yonmasang, kuymasang,

Ezgu ishdan quvonmasang kulmasang,

Bulbullarni xonishini tuymasang,

Muddaong ne bu “besh kunlik” dunyoda?

Saxiy bo’lgin – mehmon to’lsin uyingga,

Neni topsang nasib etsin to’yingga,

Moling olib ketolmaysan go’ringga,

Ochko’z bo’lma bu “besh kunlik” dunyoda.

Aysh ishiga aralashgan shaytonlar,

Nafsingni tiy - so’ng qilasan pushmonlar,

Boda, og’u - bular bari dushmanlar,

Halol yasha bu “bu besh kunlik” dunyoda.

Ko’z olaytma sen birovning moliga,

Ohularni otma - qo’y o’z holiga,

Nazar solma o’zga juft haloliga,

Badnom bo’lma “bu besh kunlik” dunyoda.

To’g’ri – qiyin vijdoni bor odamga,

Sig’may qolar ba’zan bu keng olamga,

Ezgu ishim qolsin desang bolamga,

Vijdonli bo’l “bu besh kunlik” dunyoda.

Shayton:”Mening yo’lim to’g’ri - bor ” deydi.

Vijdon esa:”To’xta, bo’l hushyor” deydi.

“Bu uyatdir, va bunisi or” deydi.

Kimni tinglay “bu besh kunlik” dunyoda.

Shayton bilan olishadi vijdonim,

Goho har yon olib qochar xayolim,

Haq yo’lini o’zing ko’rsat imonim,

To’g’ri yashay bu “bu besh kunlik” dunyoda.