Amerika o'zbeklari: Kolumbiya universitetida muhokama

Your browser doesn’t support HTML5

Kolumbiya universitetida Amerika o'zbeklari haqida anjuman

Kolumbiya universitetining yetakchi mutaxassisi, mintaqashunos hamda siyosatshunos Aleks Kuli fikricha, bu yili yuz bergan bir necha terror xurujida o’zbeklarning ayblangani ularning elati, mamlakati hamda immigrant sifatida bu insonlar bosib o’tgan yo’lga e’tibor va qiziqishni oshirdi.

Haqiqat shuki, deydi olim, G’arb ahli O’zbekiston va Markaziy Osiyo haqida cheklangan bilimga ega. Amerika o’z xavfsizligini muhokama qilar ekan, ayblanuvchilarning kelib chiqishi va boshqa siyosiy-ijtimoiy masalalarga yetarlicha ahamiyat qaratilmaydi. Ommaning tasavvuri, tushunchasi cheklangan. Buni o’zgaritirsh uchun nima qilmoq zarur?

O’zbeklar kimlar? Ular bugun Amerikada nimaga qodir va qodir emas? Jamoa, vatandoshlar, qanchalik birdam?

Kolumbiya universitetida men ham so'zlar ekanman, yuqoridagi savollarga javobim shu bo’ldiki, Amerikada o’zbeklar terrorizm bilan bog’liq ishlar va ularda vatandoshlari aralashgani haqida xabarlardan qanchalik dahshatga tushmasin, masalaga kengroq va chuqurroq qarashga ojizlik qilmoqda. O’zbeklar tabiiyki o’zini himoya qiladi. Terrorchining yurti, elati, dini bo’lmaydi, deyishadi. Uning qilmishida vatanni ayblay olmaysiz.

Lekin nima uchun ayrim vatandoshlar radikallashmoqda? Jamoa bu holning oldini olish uchun nima qila oladi va qilmoqda? O’zbek tashkilotlari asosan madaniy ishlar bilan mashg’ul, vaqt va mablag’ topilganida. Doimiy ravishda vatandoshlar bilan ishlaydigan, ularni bog’laydigan va eng muhimi, Amerika jamiyatiga ularni tanishtirib, o’zbeklar va o’zbekistonliklar nomidan gapira oladigan uyushmalar deyarli yo’q.

Mahalliy tashkilotlar asosan o’zlikni saqlash, til va madaniyatni yosh avlodga targ’ib qilish, o’zbeklik tushunchasini xorijda kashf etish bilan band. Hamma tirikchilik dardida. Muhojirning oyoqqa turib olishi murakkab jarayon.

Diasporaga aylanish uchun muayyan maqsadlar ostida birlashish va ularni amalga oshirish uchun birgalikda harakat qilish kerak. Vatandoshlarning uyushmalari AQSh fuqaro jamiyatining bir qismiga aylanishi zarur. Bu ularga nafaqat AQSh jamiyatining ajralmas bo’lagi bo’lishda yordam beradi balki ularning Amerika hayotidagi rolini ham oshiradi. Birlashgan vatandoshlar o’z so’ziga ega bo’ladi. O’z manfaatlari uchun kurasha oladi. Nafaqat Amerikada balki ortda qolgan vatanda ham. Chunki ularning hayoti hamon O’zbekiston bilan chambarchas bog’liq.

Xorijdagi muammolarni yechishda mezbon yurtning ham, ona yurtning ham o’z o’rni bor. Immigrant siyosatdan qocha olmaydi. U tegishli mamlakatdagi siyosatni tushunishi, uning mag’zini chaqib, o’ziga kerakli jihatlarini bilishi va zarur bo’lganda, o’zi va jamoa uchun turib berishi kerak.

Vatandoshlar tayana oladigan organlar kerak. Ularni esa vatandoshlarning o’zi yaratadi. Shundagina o’zbek diasporasi vujudga keladi, deya so’zladim Kolumbiya universitetidagi tadbirda.

Jurnalist Piter Leonard Markaziy Osiyoda ishlaydi. Uning kuzatishicha, G’arb matbuoti o’zbeklar bilan bog’liq ishlarni keng va chuqur yoritishga ojizlik qilsa-da, mintaqa va xususan O’zbekistonga e’tibor kuchaygani ijobiy holdir. Dunyo o’zbeklarni va ular yashaydigan yurtlarni tushunishi uchun bu mamlakatlarda axborot vositalari erkin ishlay olishi kerak, deydi jurnalist. Vatandoshlar ham qayda bo’lmasin, o’z huquqi va manfaatlari uchun kurashishni o’rganishi, madad kerak bo’lganida ishonib bora oladigan dargohlarga ega bo’lgani ma’qul.

Kolumbiya universiteti professori Edvard Lemon tahlilicha, radikalizm balosi yuqqan yoshlar asosan chet elga imkoniyat izlab chiqqan, lekin yo’lini topolmay yoki moliyaviy istiqbol izlab egri yo’llarga kirib qolganlar yoki jinoyatchi va terrorchi guruhlarning to’riga ilingan odamlardir. Radikallashish bir necha murakkab omillar mahsuli, deya tushuntiradi tadqiqotchi. Unda bir narsa, bir yurt yoki bir faktorni ayblay olmaysiz. Immigrantlar turli yurtlarda turlicha qiyinchilik va sinovlar bilan yuzlashadi. Faktlarga e’tibor bersangiz, deydi Lemon, terrorchiga aylanib, dunyoni qaqshatishga qaror qilganlar o'zbeklar orasida nihoyatda kam. Shu bois ham xalq yoki elatni tamg’alash adolatdan emas, deydi u, izlanishlar olib borish kerak, chuqur o’rganish kerak.

Politsiya va xavfsizlik organlari faoliyati haqida ilmiy maqolalar yozib tanilgan Erika Marat ham shu fikrda. Amerika, Yevropa davlatlari hamda Rossiyada ishlayotgan markaziy osiyoliklar, xususan o’zbekistonliklarning hayot yo’lini o’rganmay turib, xulosa chiqarish mumkin emas, deydi u. Vatandoshlarning Amerikadagi hayotini kuzatgan odam ular oddiy maqsadlar yo’lida harakat qilayotganini ko’radi: tirikchilik, oila ravnaqi, kasbiy ravnaq va vaqt bo’lganida vatandoshlar bilan diydorlashish. Nafaqat o’zbeklar, balki qozoq, qirg’iz, tojik va turkmanlarning jamoalarida ham asosan madaniy faolliik ko’zga tashlanadi.

Tadbirga kelgan vatandoshlar orasida qarashlar turlicha. Kimdir o’zbeklarga tanqidiy fikrlash yetishmaydi, deydi. Vatandagi kamchiliklar bu yerda ham namoyon. Boshqalar esa har bir immigrantning o’z yo’li bor, har bir avlod o’z yutuq va muddaosiga ega, deydi. Vatandoshlar orasida keng tarqalgan fikr shuki, avvalo din va madaniy qadriyatlarni saqlab qolish uchun harakat qilmoq zarur. Shu bilan radikalizmga qarshi kurashsak bo’ladi, deydi Nyu-Yorkdagi o’zbek yetakchilar.