Sanat Sharipov: Jahon chempionati syurprizlarga boy bo'ladi

Braziliyalik futbol muxlisi, Rio-de-Janeyro, 12-iyun, 2014-yil

O’tgan hafta Braziliyada futbol bo’yicha Jahon chempionatiga start berildi. O’yinlar qanday kechayotganini televizor orqali tomosha qilyapmiz, ammo Mundial bilan bog’liq ayrim ikir-chikirlarni ko’p odam bilmasa kerak.

Aksariyat o'zbekistonlik futbol ishqibozlari uchun orzu bo’lgan narsa taniqli sport jurnalisti Sanat Sharipov uchun voqelikka aylandi. U “Amerika Ovozi” ga ekran orqali ko’z ilg'amaydigan ma’lumotlarni ulashdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Lavhaning audio shakli


"Ikki kun oldin Salvador shahrida Ispaniya-Gollandiya terma jamoalari o'yinini ko'rdik. Xuddi shu yerda Germaniya-Portugaliya matchini tomosha qilib, so'ng Kuyaba shahriga yo'l olib, Rossiya va Janubiy Koreya o'rtasidagi o'yinga guvoh bo'lamiz".

Sanat Sharipov Braziliyada

Yaqindan beri futbol agenti sifatida faoliyat yuritayotgan Sanat Sharipov Braziliyada Jahon chempionatini yoritayotgan ikki o’zbek jurnalistidan biri. Ular O’zbekistondagi birinchi futbol portali UFF.UZ muxlislari uchun reportajlar tayyorlamoqda.

"Braziliyadagi qurilishlar, kechikishlar, ommaviy namoyishlarga qaramay, mamlakat prezidenti mamlakat Jahon chempionatini qabul qilishga to'liq tayyor ekanini bildirgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Braziliya 600 ming futbol ishqibozini kutib oladi. 12 ta stadionni qurish va ta'mirdan o'tkazish, mezbon shaharlardagi infratuzilmani yaxshilash va boshqa xarajatlar uchun taxminan 11,5 milliard dollar sarflagan. Bu rekord mablag' ko'plab braziliyaliklarning noroziligiga sabab bo'ldi. Namoyishchilarning aksariyati aholining past qatlami emas, balki o'rta qatlamiga mansub, ziyolilar. Braziliya o'ynaydigan kun milliy termaga ishqibozlik qilishadi, namoyishlarni esa boshqa kuni o'tkazishadi".

Sanat Sharipov Braziliyada

​Sport jurnalistiga ko’ra, Braziliyada musobaqa kunlari transport qatnoviga alohida e’tibor qaratilmoqda.

"O'yinga chiptasi bor odamlar metroda tekin yurishi mumkin. Ammo o'yindan so'ng metro bir soat ishlaydi, xolos. Kech qolganlar taksi xizmatidan foydalanishga majbur. 7-10 daqiqalik masofa uchun taksichilar 30-40 dollar atrofida haq so'raydi. Mamlakatda Jahon chempionati o'tayotgani uchun narxlar 2-3 baravar qimmatlagan".

O’yinlarni tomosha qilish uchun Braziliyaga xorijdan minglab futbol ishqibozlari tashrif buyurgan. Sanat Sharipovning aytishicha, mahalliy aholi bu imkoniyatdan tirikchilik uchun samarali foydalanmoqda.

"Mehmonxonada turish juda qimmat, tasavvur qilib bo'lmas darajada. Xorijlik muxlislarning taxminan 40 foizi mahalliy xonadonlarda ijaraga turadi. Ular Braziliyaga kelishdan oldin turar-joyni internet orqali kelishib qo'ygan. Bunday uylarda ijara haqi 40-50 AQSh dollari atrofida. O'yinga chiptalar qo'lda sotilyapti. Yaxshi o'yinlarga biletlarni 500-1000 dollarga sotib olish mumkinligini eshitdik".

Sanat Sharipov Braziliyada

Iqlimning terma jamoa salohiyatiga, o’yini sifatiga qanday ta’siri bor, deya so’raymiz Sanat Sharipovdan.

"Braziliyada hozir qish mavsumi, ko'p yomg'ir yog'adi. Lekin havo sovuq emas. Plyajlar odamlarga to'la. Hamma yengil kiyingan. Terma jamoalar iqlimga ko'nikish uchun mashg'ulotlarini rasmiy o'yin bilan bir paytda o'tkazyapti".

Your browser doesn’t support HTML5

Lavhaning audio shakli


Ikkinchi bor mamlakatga tashrif buyurgan Sanat braziliyaliklarni o’zbeklarga o’xshatdi.

"Braziliyaliklar juda ham mehmondo'st xalq. O'zbeklarga o'xshab ketadi, oilaparvar insonlar. Keng davrada to'planib o'tirishni yaxshi ko'rishadi. Albatta, bu qashshoq xalq, shunga bo'lsa kerak, jinoyatchilik keng tarqalgan. Lekin chet ellik mehmonlarni quchoq ochib kutib olishyapti".

Sanat Sharipov bu galgi Jahon chempionatida kim g’olib bo’lishini bashorat qilishga jur’at eta olmasligini aytdi. Amaldagi jahon chempioni Ispaniya terma jamoasining Gollandiyaga kutilmagan yirik mag’lubiyati, jiddiy komandalar oldin pisand qilmagan Kosta-Rikaning sobiq jahon chempioni Urugvay ustidan g’alabasi Braziliyadagi Mundialning yanada ko’proq syurprizlarga boy bo’lishidan dalolat, deydi taniqli sport jurnalisti.