Tennesi shtatida o'zbekistonlik muhojir otib ketilgan

  • Amerika Ovozi

40 yoshli Doniyor Abdumajidov oilasi bilan yaqinda Amerikaga grin-karta lotereyasi yutib kelgan ekan

Tennesi shtatining Neshvil shahrida o'zbekistonlik 40 yoshli Doniyor Abdumajidov ish paytida noma'lum kimsalar tomonidan otib ketilgan. Tekshiruv avjida. Bir necha vatandoshlarga ko'ra, u bugun olamdan o'tgan.

Mahalliy telekanal va manbalarning xabar berishicha, voqea payshanbadan juma kuniga o'tar kechasi sodir bo'lgan. Pitsa tashib tirikchilik qilib yurgan Doniyor qattiq yaralangan holda ko'chadan topilgan. Darhol kasalxonaga yetkazilgan.

Politsiyaning tasdiqlashicha, Doniyor Neshvildagi pitsa restoranlaridan birida ishlagan. To'rt farzandning otasi, rafiqasi va farzandlari bilan AQShda yangi hayot boshlagan muhojirlardan. Bu mamlakatga shu yoz kelgani ma'lum.

Neshvil atrofi jinoyatchilik keng qanot yozgan hudud sanaladi. Tergov davom etar ekan, politsiya boshqa ma'lumot bermagan.

Bu orada Doniyorning oilasi vatandoshlardan madad so'rab, internetda beg'araz yordam uchun murojaat-tashabbus boshlagan. Bu xabar yozilayotgan paytgacha 820 dan oshiq odam pul uzatib, 50 ming dollardan oshiq mablag' yig'ilgan edi.

25-avgust kuni chiqqan murojaatnomada shunday deyiladi:

Assalomu Alaykum hurmatli aziz vatandoshlar.
Hamyurtimiz Doniyorbek Abdumajidov va ularni oilalari (ayollari va 4 nafar farzandlari) boshligiga bugun juda og'ir kulfat tushdi. Bugun, Juma sahar vaqti 1:30 am da nomalum bir shahslar tarafidan birodarimiz Doniyorbekni o'q otar qurol orqalik otib ketishdi. Hozir u inson juda ham og'r vaziyatdalar.

Birodarimiz va ularni oilalari yaqindagina (1,5 oy oldin) AQSH ga kochib kelishgan edi. Farzandlari juda ham yosh va eng kenjasi 4 yosh.

Aziz yurtdoshlar,
birodarimizni va uning oila azolarini moliyaviy taraflama qo'llab quvatlashilarni iltimos qilib qolamiz. Yordam va duo qilishilarni tilab qolamiz.

Kotta Rahmat.

Doniyor Abdumajidov tunda mashinasi oldida qonga belangan holda topilgan