Oliy Majlis saylovlari yaqinlashar ekan, savollar ketidan savollar

Baxtiyor G'ulomov, O'zbekiston AQSh va Kanadadagi favqulodda va muxtor elchisi

O’zbekistonda shu yilning 21-dekabrida parlament saylovlari. Oliy Majlisning har ikki palatasi qanchalik yangilanadi? Buning mamlakat hayotiga ta'siri qanchalik? Bosh vazir o'zgaradimi? Saylovda chet ellik va mustaqil kuzatuvchilarga ruxsat beriladimi? Ovoz berasizmi? Xorijda yurgan fuqarolar uchun qanday imkoniyatlar bor?

Your browser doesn’t support HTML5

Oliy Majlis saylovlari-O'zbekiston-Navbahor Imamova

Shunisi aniqki, Qonunchilik palatasi hozirda 120 a’zodan iborat va yangi qonunchilikka ko’ra, kelasi yildan 150 bo’ladi.

Nomzodlar prezident Islom Karimov siyosatini yoqlaydigan siyosiy guruhlar: Liberal demokratik partiya, Xalq demokratik partiyasi, Milliy tiklanish demokratik partiyasi, Adolat sotsial demokratik partiyasi hamda Ekologik harakat.

100 kishilik Senatning 84 a’zosi viloyat kengashlari tomonidan saylansa, 16 nafarini prezidentning o’zi tayinlaydi. Senat qonun chiqaruvchi organ emas, uning roli maslahat berish va quyi palata uzatgan qonun loyihalarini ko’rib chiqish.

Oliy Majlisga a’zolik muddati besh yil.

Qonun har bir partiya nomzodlari orasida ayollar kamida 30 foizni tashkil etishini talab qiladi. Ayni damda Qonunchilik palatasining 22 foizi, Senatning 15 foizi ayollardir.

Konstitutsiyadagi o’zgartirishlarga ko’ra, bosh vazir Qonunchilik palatasida eng ko’p o’ringa ega partiya tomonidan ko’rsatiladi. Vazirlar Mahkamasi endi nafaqat prezident balki Oliy Majlisga ham javob beradi. Bosh vazir ishidan norozi bo’lsa, unga ishonchsizlik bildirib, bu shaxsni vazifadan chetlatishni so’rash vakolatiga ega.

O’zbekistonda tom ma’noda siyosiy muxolifat yo’q. Hukumat chet elda asoslangan va oppozitsion pozitsiyadagi siyosiy guruhlarni tan olmaydi va ularning tuzumga nisbatan tanqidlarini asossiz deb hisoblaydi.

Muxolifat esa tuzumni repressiya va zulmda ayblaydi. Amaldagi siyosatga qarshi gapirgan odam yo qamoqda, yo vatandan siqib chiqarilgan, deydi huquq faollari.

Prezident Islom Karimov o’z chiqishlarida bu tanqidchilarni mamlakat taraqqiyotiga vatanda hissa qo’shmay chet elga qochgan shaxslar deya ta’riflab keladi.

Saylovlarda qatnashish uchun siyosiy partiya 40 ming imzo yig’ishi kerak. Har bir nomzod uzog’i bilan 10 namoyonda orqali o’zini targ’ib qilishi mumkin.

O’zbekistonning AQShdagi elchisi Baxtiyor G’ulomov elchixonaning saylovoldi tadbirida so’zlar ekan, parlament saylovlari erkin, haqqoniy va demokratik o’tishiga ishonch bildirdi.

Elchi deydiki, saylovlar mahalliy va chet ellik kuzatuvchilarning ko’zi ostida o’tadi. Xorijiy kuzatuvchilar ro’yxati hali e’lon qilinmagan. Lekin G’ulomov ular orasida xalqaro tashkilotlar, davlatlar, xususan Amerika vakillari bo’lishini ta’kidlamoqda.

O’zbekiston demokratik davlat sifatida taraqqiy etishga bel bo’glagan va bu saylovlar shuni aks ettiradi, deydi G’ulomov AQSh siyosiy va biznes doiralari hamda jurnalistlar oldida gapirar ekan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) jarayonda qanchalik rol o’ynashi ham mavhum. O’zbekistonda o’tgan saylovlarni bu organ odatda kuzatmaydi. Diplomatik korpus vakillari albatta saylov kuni odamlar qanday ovoz berayotganini tomosha qilishi mumkin lekin kuzatish bu o’ziga xos tartibda olib borilishi kerak va mezbon hukumat buning uchun sharoit hozirlab berishi lozim, deya bildiradi YXHT rasmiylari.

Qo’shma Shtatlarning Toshkentdagi elchisi Jorj Krol, yaqinda “Amerika Ovozi” bilan suhbatda, yaqinlashayotgan parlament saylovlarida ham, kelasi yilning mart oyida kutilayotgan prezident saylovlarida ham O’zbekistonni YXHT bilan ishlashga undadi. Elchi deydiki, Toshkentda vakolatxonaga ega AQSh Demokratik instituti ham yordam ko’rsatish niyatida.

Chet elda yurgan millionlab o’zbekistonliklar saylovda ovoz berishni istasa, elchixona va konsulliklarga borishi kerak bo’ladi. Uzoqdan turib ovoz berish mexanizmni mavjud emas. Amerikada, masalan, Vashington va Nyu-Yorkdagi konsullik idoralari saylov kuni fuqarolarga ochiq bo’ladi.

Qo’shma Shtatlarda bugun O’zbekistonning qancha fuqarosi yashaydi, bu borada rasmiy ma’lumotlar yo’q. Lekin o’tgan o’nyillikda O’zbekistondan har yili 3-4 ming odam Green Card lotereyasi yutib kelganini hisobga olsak, faqatgina shu yo’l bilan bu mamlakatga ko’chganlar soni, oilalarni qo’shganda, 100 mingga boradi. Ish va o’qish deb kelganlar ham ko’p.