"Adolatli emlash strategiyasi - dunyo salomatligi garovi", deydi mutaxassislar

  • Amerika Ovozi

Sog’liqni saqlash mutasaddilari joriy yilda koronavirusga qarshi vaksinani yetarli miqdorda va o’z vaqtida taqsimlash muammo bo’lishini aytmoqda. Qashshoq mamlakatlarga vaksina yetkazish bilan shug’ullanuvchi “Gavi” tashkiloti raisi o’rinbosariga ko’ra, agar rivojlanayotgan davlatlar vaksina bilan yetarli miqdorda ta’minlanmasa, global iqtisodiyot 9 trillion dollargacha pul yo’qotishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 12-fevral, 2021-yil

“Vaqt g’animat. Masala yechimi qancha ko’pga cho’zilsa, pandemiya va uning holdan toydiruvchi oqibatlari shuncha ko’p davom etadi. Qancha ko’p odam virus yuqtirsa, virusning mutatsiyalashish ehtimoli kuchayib, vaksinaning boshqa turlarini ham yaratishga, ko’proq pul sarflashga to’g’ri keladi, iqtisodiyotni tiklashga ko’proq vaqt ketadi, bu o’rtada esa qashshoqlik va ochlik kuchayib, o’lim ko’payadi”, - deydi Anuradxa Gupta.

Boy davlatlar millionlab vaksinalarga buyurtma berib bo’lgan va o’z aholisini emlay boshlagan. Iqtisodiy jihatdan qoloqroq mamlakatlarga esa vaksina yetishmayapti.

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti va uning hamkorlari bunday mamlakatlarga yordam berish maqsadida “KOVAKS” (COVAX) tashabbusiga asos soldi. Donorlar pul ajratmoqda, ammo yetarli miqdorda emas, deydi Norvegiyaning global sog’liqni saqlash elchisi Jon-Arne Rottingen.

“Dasturni 2021-yilda moliyalash uchun jami 27 milliard dollar kerak. Bir qarashda katta puldek. Ammo boy mamlakatlar o’z aholisi va iqtisodiyotiga yordam berish maqsadida 12 trillion dollar ajratgan. Biz so’rayotgan salkam 30 million dollar bu pulning bir foizini ham tashkil qilmaydi”, - deydi Rottingen.

Qo’shma Shtatlar “KOVAKS” tashabbusi uchun 4 milliard dollar ajratishini ma’lum qildi.

“Biz tashabbusga endi qo’shildik, unga katta miqdorda yordam bermoqchimiz. Hamma virusdan xavfsiz bo’lmaguncha, hech kim o’zini xavfsiz his qilmasligi kerak. Pandemiyaga qarshi siyosatimiz mana shu shiorga asoslanishi kerak”, - deydi AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi maslahatchisi Jeremi Konindik.

“Dunyoda hamma emlanmaguncha, aholisi eng ko’p emlangan mamlakatlar ham o’zini xavfsiz his qila olmaydi”, - deydi AQShning Dyuk universiteti mutaxassisi Krishna Udayakumar.

Jahon banki vakili Muhammad Ali Patening aytishicha, vaksina olishga umid qilayotgan mamlakatlar hozirdan tayyorgarlik ko’rishi kerak.

“Vaksina yetkazilganda shoshib qolmaslik muhim. Vaksinani taqsimlash siyosatini ishlab chiqish, taqsimot adolatli va teng bo’lishi lozim. Vaksinani saqlash va tarqatish uchun infratuzilma, normativ-huquqiy baza tayyor bo’lishi zarur”, - deydi ekspert.