Venesuela muxolifati harbiylarni o'z tomoniga og'dirishga harakat qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Maduro poytaxt Karakasdagi harbiy bazada harbiylar bilan uchrashdi, 30-yanvar, 2019-yil

AQShning Venesuela neft sanoatiga o’tgan hafta qo’ygan sanksiyasi bu mamlakat harbiy rahbarlarini Prezident Nikolas Madurodan voz kechishga undashga qaratilgan strategiyaning bir qismi ekani aytiladi.

Ba’zi xabarlarga qaraganda, armiyaning o’rta lavozimdagi ayrim a’zolari orasida norozilik kuchayayotgan bo’lishi mumkin, biroq generallarning kayfiyati hozircha noma’lum.

Venesuelada oziq-ovqat taqchilligi, siyosiy repressiyalarga qaramay, armiya qo’mondonlari Madurodan yuz o’girgani yo’q. AQSh sanksiyalari vaziyatni o’zgartira oladimi, yo’qmi, hozircha noma’lum.

Qo’shma Shtatlar muxolifat yetakchisi Xuan Guaydoni vaqtincha prezident deb tan olishga qaror qildi. Mintaqadagi bir necha davlat ham shunday qildi. Bugun Yevropa Parlamenti Maduroni qonuniy prezident deb bilmasligi haqida bayonot chiqardi.

Guaydo nazarida, Maduro o’tgan yil mayida muxolifatdan prezidentlikka nomzodlarni saylovlarga yaqinlatmay g’alabasini halol qilmadi. AQSh ham saylov natijalarini tan olmadi.

Maduro prezidentligining birinchi muddati shu yil yanvarida nihoyasiga yetishi bilan parlament spikeri Guaydo yangi saylovlar o’tkazilgunga qadar o’zini vaqtincha prezident deb e’lon qildi. U harbiylarni to’ntarishga chaqirmadi, biroq Madurodan voz kechgan askarlar va ofitserlar amnistiyaga tushishini aytdi.

O’tgan hafta Venesuelaning Vashingtondagi elchixonasida harbiy maslahatchi bo’lib ishlagan polkovnik Xose Silva Guaydoni qo’llab-quvvatlashini bildirib, boshqa harbiylarni ham shunga da’vat etdi. Maduro uni xiyonatda aybladi.

Ba’zi xabarlarga ko’ra, Maduro yuqori lavozimli ofitserlarga katta imtiyozlar berib, og’zilarini moylab qo’ygan, hatto ba’zilari qoradori savdosi bilan shug’ullanmoqda.

Bunday jinoyatlardan so’ng, deydi tahlilchi Maykl Shifter, generallar amnistiya ham yordam bermasligini tushunib yetmoqda.

“Hokimiyatdan voz kechishsa, Madurodan yuz o’girishsa ham suvdan quruq chiqa olmasligini tushunishmoqda”, - deydi “Amerikalararo muloqot” tashkiloti prezidenti.

Maduro qurolli kuchlar unga sodiq ekanini aytarkan, inqirozga chek qo’yish uchun muxolifat bilan gaplashishga tayyorligini bildirmoqda.