BMT tergovchilari Venesuela xavfsizlik kuchlarini insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti tergovchilari Venesuela xavfsizlik kuchlarini insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblamoqda. Ularning xulosa qilishicha, politsiya, maxsus kuchlar, harbiylar muntazam ravishda inson huquqlarini buzgan, odamlarni o’ldirgan, qiynoqqa solgan.

Tergovchilarning taxmin qilishicha, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro, ichki ishlar va mudofaa vazirlari muxolifat ovozini o’chirish maqsadida bayon etilgan jinoyatlarga qo’l urgan.

BMT hujjatida aytilishicha, xavfsizlik kuchlarining noqonuniy harakatlari tergov qilinmagan.

Tergov guruhi a’zosi Pol Saylsning aytishicha, guruh 100 ga yaqin namoyishlarni o’rganib chiqib, namoyishchilarga qilingan zulm tasodifiy emas, qiynoqqa solishlar oddiy aholiga qarshi kattaroq hujumning, rejaning bir qismi degan xulosaga kelgan.

Guruh huquqbuzarliklarga qo’l urgan xavfsizlik kuchlari a’zolarining ma’lum bo’lgan ismlarini Xalqaro jinoiy sudga uzatilishini bildirdi.

BMT tergovchilari xulosasi 270 dan ziyod jabrdiydalar, guvohlar, sobiq rasmiylar, huquqshunoslar bilan suhbatlarga asoslangan. Milliy razvedka xizmatining sobiq rahbari general Kristofer Figuera ham ko’rsatma bergani aytiladi.