Parlament saylovlaridan oldin Afg'onistonda zo'ravonlik tinmayapti

  • Amerika Ovozi

Maydan Vardak viloyati

Afg'onistonning Maydan Vardak va Paktiya viloyatlarida jangarilar va hukumat hujumlarida kamida 20 odam o'lgan. 20-oktabrga belgilangan parlament saylovlaridan oldin xavfsizlik mamlakatda hamon yaxshilangani yo'q.

Afg'oniston markazida joylashgan Maydan Vardak viloyatida shanbadan yakshanbaga o'tar kechasi toliblar Said Obod tumanida joylashgan davlat idoralariga hujum qilib, tuman politsiya xizmati boshlig'i va yana kamida to'qqiz posbonni o'ldirgan. Chekinishdan oldin jangarilar bir necha binoga o't qo'ygan.

Said Obod poytaxt Kobulni mamlakat janubiga ulovchi asosiy trassa yoqasida joylashgan. Maydan Vardak hokimi Muhammad Orif Shohjahonning bildirishicha, tumanga hujumdan oldin toliblar yo’ldagi bir nechta ko’prikni portlatib, avtomobil harakatini to’xtatib qo’ygan, yo’llarga minalar qo’yib chiqishgan.

Sharqdagi Paktiya viloyatida esa jangarilarga qarshi qaratilgan havo hujumlarida Garda Sayri tumanida kamida 10 fuqaro nobud bo’lgan, 20 kishi jarohat olgan.

Tolibon so’zlovchisiga ko’ra, jangarilar kamida 10 askarni o’ldirib, bir nechtasini yaralagan.

2010-yilda besh yilga saylangan deputatlar yangi saylovda qatnashishi kerak edi, biroq saylov tizimi bo’yicha siyosiy tortishuvlar va xavfsizlik bo’yicha xavotirlar sabab 2015-yilda Prezident Ashraf G’ani parlament mandatini yangi saylov o’tgunga qadar uzaytirish haqida farmon imzoladi. Yangi saylovlar joriy yil 7-iyuliga belgilangan edi, biroq ayni sabablarga ko’ra yana bir bor qoldirildi va bu gal 20-oktabrga rejalangan.

Saylov komissiyasiga ko’ra, 2500 dan ziyod nomzod, jumladan 418 ta ayol Volesi Jirg’a deb nomlanuvchi quyi palatadagi 249 ta o’rin uchun bellashadi.

Hukumatning bildirishicha, saylov kuni 5000 dan ziyod saylov uchastkasida xavfsizlikni ta’minlash bo’yicha keng qamrovli reja ishlab chiqilgan.

AQSh yetakchiligidagi NATO qo’shinlari afg’on xavfsizlik kuchlariga madad berishga tayyor ekanini bildirgan.

Biroq ba’zi rasmiylarning tan olishicha, saylov kuni 2000 dan ziyod saylov uchastkasi ishlamaydi, chunki Tolibon mamlakatning yarmini nazorat qilmoqda.

Xalqaro kuchlar jangarilarni havodan nishonga olishda davom etmoqda. Sentabr oyida 34 viloyatning 26 tasida jami 465 ta havo hujumi qayd etilgan. AQSh Mudofaa vazirligi Tolibon va “Islomiy davlat” jangari to’dasi pozitsiyalariga zarba berilganini aytadi.

Qo’shma Shtatlar Afg’onistonda harbiy harakatlarni boshlaganiga 17 yil bo’ldi. Tolibon ajnabiy qo’shinlardan mamlakatni tark etishni talab qilmoqda.

“Busiz afg’on muammoasiga yechim topilmaydi”, - deyiladi harakatning 7-oktabr kuni tarqatilgan bayonotida.

Tolibon Afg’oniston hukumatini AQShning qo’g’irchog’i deb, u bilan muzokaraga kirishdan bosh tortib keladi, AQSh bilan bevosita muloqot qilmoqchi ekanini aytadi, biroq Vashington toliblarni Kobul bilan gaplashishga chaqirmoqda.