Volgograddagi xurujlarda jarohat olganlardandan uch nafari jon berdi

  • Amerika Ovozi

Volgogradda xurujga uchragan trolleybus

So’nggi ikki kun Volgogradda sodir etilgan terror xurujlari oqibatida og’ir jarohat olgan uch odam bugun jon bergan. Temir yo’l vokzali va trolleybusdagi portlashlarda jami 34 odam o’lgan. Xurujlarni hech kim o’z bo’yniga olmagan hali.

Volgograd va atrofidagi shaharlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Dastlabki tergov natijalariga ko’ra, yakshanba va dushanba kungi xurujlar bir-biriga aloqador.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili Keytlin Xeyden xurujlarni qoralab, Qo’shma Shtatlar Rossiyaning terrorga qarshi siyosatini qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

Xeydenning aytishicha, Rossiyaga Sochida fevral oyida bo’ladigan Qishki Olimpiya o’yinlarida xavfsizlikni ta’minlashda Amerika yordami taklif qilingan.

Rossiya Milliy Olimpiya qo’mitasi raisi Aleksandr Jukov musobaqalar xavfsizligi uchun zarur choralar ko’rilganini aytadi.

Amerikalik tahlilchi Endryu Kuchinsning aytishicha, Sochi olti oydan beri yopiq shahar.

“Kirib-chiqish oson emas. Shuning uchun ham terrorchilar Rossiyaning boshqa joylarini nishonga olayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi u.