6-yanvar AQSh demokratiyasi uchun ham qora, ham yorqin kundir

  • Amerika Ovozi

Ko’plab mamlakatlarda hukumatga qarshi namoyishlar paytida parlament binolari va prezident saroylarining namoyishchilar tomonidan egallanishini televizor orqali tomosha qilgan amerikaliklar 6-yanvar kuni ilk bor o’z davlatida ham shunday manzaraga guvoh bo’ldi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 7-yanvar, 2021-yil

AQSh Kongressining har ikki palatasi qonunchilari 3-noyabr prezident saylovida berilgan ovozlarni hisoblab, saylov natijasini tasdiqlash uchun to’plangan kuni Prezident Donald Trampning ovozlar soxtalashtirilgani haqidagi da’volarini qo’llab-quvvatlayotgan tarafdorlari Vashingtonda namoyishga chiqib, saylov natijalariga norozilik bildirdi.

“Ular bizga xizmat qilishi kerak. Bizdan o’g’irlashlariga yo’l qo’ymaymiz. Bo’lgan voqealarga ko’z yumishimizni xohlashmoqda. Bunday bo’lmaydi”, - deydi Tramp tarafdorlaridan biri.

"Bu hukumatning ishi. Biz normal, yaxshi, qonunga bo’ysunadigan fuqarolar edik, ammo hukumat bizni yo’ldan urdi. Erkinligimiz uchun kurashyapmiz”, - deydi yana biri.

Prezident Tramp namoyishchilarni Kapitoliy tomon yurishga da’vat etdi.

“Biz bo’sh kelmaymiz, saylov natijasini tan olmaymiz. O’g’rilik bor joyda mag’lubiyat tan olinmaydi”, - dedi Tramp.

Bu gal namoyish ko’cha bilan cheklanmadi. Odamlar Kapitoliy binosiga bostirib kirishga muvaffaq bo’ldi. Politsiyaga yordam berish uchun maxsus kuchlar va Milliy gvardiya safarbar etildi. Qonunchilar saylov natijasini tasdiqlash jarayonini to’xtatib, binoni shosh-pisha tark etishga majbur bo’ldi.

G’alayon shu kuniyoq bostirildi, 50 dan ortiq odam hibsga olindi, kongressmenlar va senatorlar yana to’planib, jarayonni oxirigacha yetkazdi – Kongress Jo Baydenning saylovdagi g’alabasini tasdiqlab, 20-yanvarga belgilangan qasamyod marosimi bilan bog’liq barcha shubhalarga barham berdi.

“Kapitoliyga bostirib kirib, oynalarni sindirish, idoralarni to’zitish aql bovar qilmaydigan holat”, - deydi respublikachi strateg Liam Donovan.

Qonunchilar bu voqeada Prezident Trampni ayblarkan, ba’zilar uni 20-yanvardan oldin hokimiyatdan olishga, Trampni hatto kelajakda davlat lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilishga chaqirmoqda. Shunday bo’lgan taqdirda, u 2024-yilda bo’ladigan saylovda qatnasha olmaydi.

Saylov natijasini o’zgartirish umidini yo’qotgan Tramp Oq uyni Baydenga bo’shatishga tayyor ekanini bildirdi.

“Saylov natijasini tan olmasam-da, 20-yanvar kuni o’tish jarayoni tartibli bo’ladi”, - dedi Tramp Oq uy matbuot kotibi Den Skavinoning “Twitter”dagi sahifasi orqali.

“Twitter” Trampni ijtimoiy sahifa qoidalarini buzganlikda ayblab, sahifasini 12 soatga bloklab qo’ygan.

Vashingtondagi voqealar dunyo bo’ylab ask-sado bermoqda. Xususan, fransuzlar ularni hukumatga qarshi “sariq nimchalar” harakatiga qiyosladi.

Germaniyaliklar esa namoyishchilarning Kapitoliyga bostirib kirganini “sharmandalik”, “demokratiyaning aksi” deb atadi. Berlinda so’ralganlarning ayrimlari Trampni hibsga olishni, uning o’zi va sulolasi vakillarini kelajakda prezidentlikka yaqinlatmaslikni taklif etmoqda.

Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Kapitoliydagi voqealarni yolg’onlar, demokratiyadan chekinish, adovat va nafratni qo’zg’atishga qaratilgan ma’ruzalar mahsuli deb atadi.

Kansler Angela Merkelga ko’ra, Tramp Bayden g’alabasini o’z vaqtida tan olganida edi, bunday bo’lmasdi.

Vashingtondagi voqealar Yaqin Sharq matbuoti tomonidan ham yoritildi. Saudiya Arabistoni televideniyesi AQShdagi fuqarolarini Vashingtonda kech soat 6 dan ertlabgacha joriy etilgan komendant soatiga amal qilishga, shaharga kirmaslikka chaqirdi.

“Skay Nyus” britan axborot agentligining Birlashgan Arab Amirliklaridagi kanaliga ko’ra, “Amerika poytaxti noodatiy zo’ravonlikka guvoh bo’ldi, ko’p demokrat va respublikachi qonunchilar bunda Prezident Trampni aybladi”.

Isroil televideniyesining 12-kanali boshlovchisi “dunyodagi eng yirik demokratik davlat Tramp tarafdorlarining qonunchilik organi idorasiga bostirib kirishi natijasida mahalliy tahdid bilan yuzlashganini, 4 odam o’lganini, 50 dan ziyodi hibsga olingani”ni ma’lum qildi.

Vashingtondagi voqealarni AQSh ichki ishi deb atagan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaga ko’ra, Amerika saylov tizimi eskirgan, zamonaviy demokratik andozalarga to’g’ri kelmaydi, ko’plab qallobliklarga imkon beradi, Amerika matbuoti esa siyosiy o’yinlarda faol qatnashmoqda.

Yaponiya poytaxti Tokioda esa 1000 ga yaqin odam Tramp bilan birdamligini namoyish etish uchun ko’chaga chiqdi. Namoyishni “Baxtiyor fan” diniy tashkiloti uyushtirib, odamlar AQSh hamda Yaponiya Qurolli kuchlarining 2-Jahon urushi paytidagi bayroqlarini hilpiratdi.

Bu yaponlar nazarida, Amerika saylovida aynan Tramp g’alaba qozongan.

Bayden g’alabasining Kongress tomonidan tasdiqlanishi Demokratik partiya tarafdorlari quvonchiga sabab bo’ldi. Shu kuni demokratlar yana bir g’alabaga erishdi. Jorjiya shtatida AQSh Senatiga o’tgan saylovning ikkinchi bosqichida har ikki demokrat nomzod g’alaba qozondi. Bu degani, partiya kelasi ikki yil davomida mutlaq hokimiyatga ega bo’ladi - Oq uy, Vakillar palatasi va Senat demokratlar nazoratida bo’ladi. Bo’lajak prezident Jo Bayden va demokrat qonunchilar o’z siyosatini, qonunchilikni to’siqsiz amalga oshirish vakolatiga ega endi.

Jorjiyada bu saylov mavsumi mo’jizalarga boy bo’ldi. 1992-yildan beri bu shtatda Demokratik partiyadan birorta prezidentlikka nomzod g’alaba qozonmagan edi. Bayden bu an’anaga chek qo’yib, Trampni mag’lub etdi.

Respublikachi senatorni dog’da qoldirgan ruhoniy Rafael Vornok Jorjiya shtatidan AQSh Senatiga saylangan ilk qora tanli bo’ldi. Bu shtatdan Senatga saylangan ikkinchi demokrat nomzod teleprodyuser Jon Ossoff bo’lib, u 33 yoshda, davlat idoralarida bir kun ham ishlamagan.