AQSh Afg'onistonni tark etarkan, qo'shni davlatlarga qurol-aslaha qoldirmaydi

AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo'yicha muovini Vendi Sherman (Wedndy Sherman) yaqinda Bishkekda bo'lib, sobiq prezident Roza Otunbayeva, amaldagi rahbar Almazbek Atambayev va vazirlar bilan uchrashdi.

Sherman xonim deydiki, Amerika Qirg'izistondek yosh demokratiyadan yordamni ayamaydi va bu davlat to'g'ri yo'ldan bormoqda deb hisoblaydi.

Bugun asosiy hamkorlik Manas tranzit markazi bilan bog'liq. U yerdan askarlar olib o'tiladi, aerodromda harbiy samolyotlar bor, xalqaro koalitsiyaga zarur yuk yetkazadi. Amaldagi bitim 2014-yilning yozida bitadi. Undan keyin nima bo'ladi, mavhum.

Yetakchi diplomatning aytishicha, AQSh bugungi rishtalardan mamnun va ularni kuchaytirishni istaydi. Umid shuki, deydi Sherman xonim, Qirg'iziston Yangi Ipak Yo'lining ajralmas qismiga aylanadi.

Yangi Ipak - Yo'li Amerika targ'ib qilayotgan tashabbus. Maqsad - Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biriga yaqindan bog'laydigan zamonaviy savdo yo'llari yaratish, hukumatlar orasidagi hamkorlikni kengaytirish. Ammo hozircha tashabbus faqat qog'ozda. Ekspertlarning aytishicha, na Amerka va na tegishli davlatlar bu borada biror konkret loyiha bilan chiqqan.

AQSh o'z qo'shinlarini Afg'onistondan chiqarar ekan, qurol-aslaha va vositalar nima bo'ladi? Balki ularning bir qismi Markaziy Osiyoga hadya qilinadi degan taxminlar bor.

Sherman xonimning bayon qilishicha, bu borada Obama ma'muriyati hali biror qarorga kelmagan. Shunisi aniqki, deydi diplomat, Amerika hech kimga qurol-aslaha bermaydi, biror narsa hadya qilinsa ham u no-jangovar vosita bo'ladi.

Amerika va Qirg'iziston orasidagi nozik masalalardan biri ayni damda sobiq prezident Kurmanbek Bakiyevning og'li Maksim Bakiyevning moliyaviy jinoyatlarda ayblanib Britaniyada hisbga olingani va tovon evaziga qo'yib yuborilgani. Vashington Londondan uni ekstraditsiya qilishni so'ragan. Bishkek Bakiyev vatanga qaytarilsin deydi, chunki bu oila davlat mulkini o'marganlik singari og'ir jinoyatlarda ayblanadi. Vendi Shermanda bu ish haqida so'ralganda, diplomat aniq javob bermadi. Bakiyev Amerika adliyasi oldida javob berishi kerak, dedi xolos.

Diplomatlar ham oddiy odam

Robert Bleyk, Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini, Vendi xonim bilan safar qilmagan. Lekin Bleyk mintaqaga tez-tez qatnab turadi. Odatda u "biznes klass" o'rindiqda emas, oddiy yo'lovchi sifatida uchadi.

Bishkekdagi matbuot anjumanida jurnalistlar shu haqda qiziqib, Vendi Shermanni savolga tutdi.

Bleyk yuqori lavozimiga qaramay aeroportda o'z yukini boshqalar singari kutib turadi, bu hammani lol qoldiradi, dedi muxbirlardan biri.

Vendi xonim xizmat safarida ko'pincha biznes klassda uchishini aytib, "vatanda odatda oddiy yo'lovchiman" dedi.

"Lekin men ham o'z yukimni o'zim ko'taraman. Hech qachon ularni topshirmayman, chunki yo'qolishidan qo'rqaman. Bitta chemodan olaman. Har kuni har yurtdaman, bugungi kiyimni ertaga ham kiysam, hech kim nega deb so'ramaydi...",- deya kuladi diplomat.