Kim Chen Un qayerda?

  • Amerika Ovozi

Kim Chen Un va singlisi Kim Yo Jon

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bobosi Kim Ir Senning tug’ilgan kuniga bag’ishlangan yillik yirik tadbirda ko’rinmadi. Ilk bor.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 1-may, 2020-yil

Odatda 15-aprel kuni Kim Chen Un mamlakatning ikki sobiq rahbari – bobosi va otasi Kim Chen Irning maqbaralarini ziyorat qiladi. Biroq yosh rahbardan so’nggi 19 kundan beri dom-darak yo’q.

“Kim Ir Senning tug’ilgan kuni Shimoliy Koreyada eng katta bayramdir. Kim Chen Unning ushbu tantanalarda bo’lmagani juda g’alati”, - deydi Vashingtondagi AQSh Tinchlik institutidan Frenk Om.

Kimning g’oyib bolgani turli mish-mishlarga sabab bo’ldi. Yurakka operatsiya pand berdimi? Yoki buyragi ishdan chiqdimi? Kim raketa sinovi paytida jarohat oldi deganlar ham bor. Yana kimdir 36 yashar rahbar sohil bo’yidagi Vonsan shahrida oromgohda dam olayotganini aytadi.

“Bilmaymiz, bilmaymiz. U bilan aloqam yaxshi edi. Unga sog’lik tilayman”, - dedi AQSh Prezidenti Donald Tramp.

Kim bungacha ham g’oyib bo’lgan edi. Yanvar oyida 21 kun ko’rinmagan, o’tgan yil mayida esa 22 kun. 2014-yil sentabrida 40 kundan keyin paydo bo’lganida qo’lida hassa bor edi.

“So’nggi kunlarda vazniga vazn qo’shildi. Qandaydir dardi borligi ko’rinib turibdi. Mazasi yo’qligini hamma biladi”, - deydi Xandon global universitetidan Pak Von Gon.

Professor xulosa qilishga shoshilmaslikka chaqiradi.

“Shimoliy Koreyada faqat 5 kishi yurt rahbari xolidan xabardor”, - deydi Pak.

Kim vafot etsa, uning o’rnini kim egallashi ma’lum emas. Farzandlari hali yosh, o’zidan ikki yosh katta akasi Kim Yen Chol siyosatga qiziqmaydi, 65 yashar amakisi Kim Pyon Il nafaqada. Ayrimlar rahbarning 32 yoshli singlisi Kim Yo Jon mamlakat boshqaruvini qo’lga olishi mumkinligini aytmoqda, biroq erkaklar ustun jamiyatda uni qo’llab-quvvatlaydiganlar ko’p bo’lmasligi mumkin. Yana kimdir mamlakat tarixida ilk bor Kim sulolasidan bo’lmagan odam hokimiyatni qo’lga olishini aytadi. Hokimiyat uchun kurashni bashorat qilayotganlar ham bor.

“Mamlakat siyosiy beqarorlikka yuz tutishi mumkin. Qochqinlar ko’payishi mumkin. Shimoliy Koreya yadro dasturi xavfsizligi qo’ldan chiqishi mumkin, bu esa yadro materiallarining birovlar qo’liga tushib qolish ehtimoliga yo’l ochadi”, - deydi tahlilchi Frenk Om.