Yaman prezidenti saylovlarni erta o'tkazib, 2012-yilgacha lavozimidan ketishga rozi

  • Amerika Ovozi

Yaman poytaxti Sanoda namoyishlar

Yamanda bir necha general hukumatga qarshi bosh ko'targan namoyishchilar tomoniga o'tgani haqida ma'lum qilgach, prezident Ali Abdulla Solih davlat to'ntarishiga qaratilgan har qanday harakat fuqarolik urushiga yetaklaydi, deya harbiylarni ogohlantirmoqda.

Davlat rahbari bugun bu haqda televideniye orqali so'zlab, armiyani birlikka chaqirgan.

Kecha yuqori lavozimli qo'mondonlardan biri general-mayor Muhsin al-Axmar minglab askarlarni namoyishchilarni himoya qilishga safarbar etgandan so'ng inqilobchilar tomoniga o'tgan.

Namoyishchilar mamlakatni 32 yildan beri boshqarayotgan prezidentni iste'foga chaqirmoqda. Davlat rahbari shu kungacha 2013-yilda prezidentlik muddati tugagach iste'foga chiqishini va saylovlarda ortiq ishtirok etmasligini aytib kelgan edi.

Biroq bugun ma'lum bo'lishicha, prezident Solih shu yili muddatidan erta saylovlar o'tkazishga va lavozimidan kelasi yilgacha ketishga rozi bo'lgan. Ammo muxolifat undan zudlik bilan vakolatlarini topshirishni talab qilmoqda.