Yamanga doir tinchlik anjumani qoldirilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Yaman poytaxti Sanoda qurol ombori portlagan, 22-may, 2015-yil

Shu hafta BMT vositachiligida Yamandagi vaziyatga doir o'tishi rejalangan tinchlik anjumani kechga qoldirilishi mumkin. Bu haqda Yaman mulozimlari ma'lum qilmoqda, biroq BMT buni rasman e'lon qilmagan.

Yamanning ikki oy oldin Saudiya Arabistoniga qochgan Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadi uni hokimiyatdan quvgan hutiy isyonchilardan muzokaralardan oldin BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasiga amal qilib, qurollarini tashlashni, qo'lga olingan hududlarni bo'shatishni talab qilmoqda.

Bu talablar bajarilmaguncha, anjuman o'tkazilmaydi, deydi Yaman rasmiylari.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonlarni hech bir shartsiz uchrashib, siyosiy inqirozga barham berishga chaqirmoqda.

Tashkilotga ko'ra, mamlakatda zo'ravonliklar avj olganidan beri mingdan ziyod odam nobud bo'lgan.