YUNISEF: Yamanda 1,8 million bola to'yib ovqatlanmaydi

  • Amerika Ovozi

Yamanda 2014-yildan beri hokimiyat talashayotgan siyosiy kuchlar qonli to’qnashuvlari natijasida 14 million odam ocharchilik bilan yuzlashmoqda, 1,8 million bola to’yib ovqatlanmaydi.

BMTning Bolalar favqulodda jamg’armasiga ko’ra, gumanitar yordam muhtojlarga yetib bormayapti, chunki jang qilayotgan taraflar yordam ortilgan karvon yo’lini to’sgan.

Yamanda ochlikdan har 10 daqiqada bir bola o’lmoqda.

“Ochlikdan tashqari bolalar emlanmagan”, - deydi YUNISEF tashkilotining Yaqin Sharq mamlakatlari bo’yicha idorasi direktori Geyert Kappelaer.

Oziq-ovqat va dori-darmon ortilgan yuk Yaman bandargohlaridan chiqarilmayapti, deydi u.

“Besh yoshdan kichik bo’lgan bolalarning 1,8 millioni to’yib ovqatlanmasligi natijasida o’lim yoqasida turibdi. Shulardan 400 ming nafariga tibbiy xizmat ko’rsatilmasa, ular nobud bo’ladi”, - deydi Kappelaer.

YUNISEF hisobotida aytilishicha, bola organizmi uchun muhim bo’lgan sabzavotlar va mevalar tanqis, toza ichimlik suvi yo’q. Natijada bolalarda vujudga kelgan ich ketish hollari ularning ozib ketishiga sabab bo’lmoqda.

“Hokimiyat talashayotgan tomonlar Yamanda azob chekayotgan bolalar taqdiriga ham e’tibor berib, ularning manfaatini hamma narsadan ustun qo’yadi degan umiddaman. Shunday bo’lgandagina Yaman xalqini yorqin kelajak kutmoqda”, - deydi YUNISEF rasmiysi.

3,5 yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushiga qo’shni Saudiya Arabistoni va yana bir necha mamlakat ham aralashgan. Ularning havo hujumlari oqibatida minglab begunoh insonlar o’lmoqda.

Qo’shma Shtatlar tomonlarni shu oyda Shvetsiyada muzokara qilishga chaqirgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ularni sentabr oyida to’plamoqchi edi, biroq hokimiyatdan olingan prezident tarafdorlariga qarshi jang qilayotgan hutiylar xavfsizlik kafolatlari ta’minlanmaganiga ishora qilib, Jenevaga delegatsiyasini yubormadi.