Yamanda 1000 ga yaqin asir ayirboshlandi

  • Amerika Ovozi

Yamanda hokimiyat uchun kurashayotgan tomonlar kelishuviga ko’ra, bugun mingga yaqin asirlar ayirboshlandi. Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi arab koalitsiyasi o’tgan oy Shveysariyada Yamandagi hutiy isyonchilar bilan shunga kelishgan edi. Asirlar orasida 15 nafarining saudiya fuqarosi ekani ma’lum.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 15-oktabr, 2020-yil

Kelishuvga ko’ra, hutiylar 400 asirni, koalitsiya esa 681 hutiyni ozod etishi kerak. Asirlarni ayirboshlash 2018-yilda to’xtab qolgan tinchlik jarayonini jonlantirish maqsadida ishonchni tiklashga qaratilgan chora ekani aytilmoqda.

Yaman 2014-yil oxiridan beri fuqarolar urushini boshdan kechirmoqda. Hutiylar poytaxt Sanodagi hukumatni ag’darishi ketidan Saudiya Arabistoni mojaroga aralashib, hukumat tomonida jang qildi.

Hutiylarning Erondan yordam olayotgani aytilarkan, kuzatuvchilar mojaro, asosan, Saudiya Arabistoni va Eron o’rtasida kechayotganiga ishora qiladi.

Bugun ozod etilgan asirlar orasida ikkisi AQSh fuqarosi – Sandra Loli va Mikael Gidada. Loli gumanitar tashkilotda ishlagan, 3 yil oldin qo’lga olingan edi. Gidada esa tadbirkor bo’lib, 900 kun hutiylar qamoqxonasida o’tirgan.