Hutiylar - Eron malaylari, deydi Yamanning xorijga qochgan prezidenti

  • Amerika Ovozi

Yaman rahbari Obid Rabbo Mansur Hadi Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissiy bilan, Sharm al-Shayx, 27-mart, 2015

Arab Ligasining Misrda o'tayotgan sammitida soz'lar ekan, Yaman rahbari Obid Rabbo Mansur Hadi mamlakatida hokimiyat uchun kurashayotgan shia jangarilarni, hutiylar harakati deya nomlangan guruhni Eron qo'g'irchoqlari deya qoraladi.

"Ular Eronning malaylari... Ularga shuni aytamanki, siz Yamanni, o'z vataningizni boshqa bir davlat nog'orasiga o'ynab, vayron qilmoqdasiz".

Eron unga yog'ilayotgan ayblovlarni inkor qilib, hutiylarni zimdan quvvatlamayotganini qayd etadi.

Hadi prezidentlik saroyi va poytaxt Sanoni tark etib Adanga bordi lekin hayoti xavf ostida ekanini aytib xorijga yo'l oldi.

Hutiylarga qarshi qo'shni Saudiya Arabistoni yetakchiligida harbiy amaliyotlar olib borilmoqda. Koalitsiyaga 10 davlat, jumladan Fors ko'rfazidagi besh monarxiya kirgan.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun sammitda gapirarkan, bu organ vositachiligida muzokara olib borishga chaqirdi.

Mamlakat notinch ekan, xorijiy diplomatlar Yamandan chiqmoqda, jumladan Saudiya Arabistoni ham o'z vakillarini olib ketayapti.

Hutiylar esa Yaman ahli qiynalmoqda, Hadi va u boshliq hukumat aholi uchun hech narsa qilmayapti, shialar hukmronlikka kelsa, yangi davr boshlanadi, deya kurashni davom ettirmoqda. Shialar aholining qariyb yarmini tashkil etadi.