Yamanda jang qilayotgan tomonlar sulhga kelishdi

  • Amerika Ovozi

Yamanda uch yildan beri hokimiyat talashayotgan tomonlar mojaroga yakun yasashga tayyor ekanini bildirmoqda. Yaman hukumatini qo’llab-quvvatlayotgan Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi koalitsiya Xudayda portiga hujumni to’xtatishga qaror qildi. Bu bandargoh orqali mamlakatga oziq-ovqat kiradi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 20-noyabr, 2018-yil

Erondan qurol va boshqa turdagi madad olayotgani aytilayotgan xutiy isyonchilar ham arab koalitsiyasiga qarshi raketa va dron hujumlarida tanaffus e’lon qilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Yamanda gumanitar inqiroz, ocharchilikka barham berish maqsadida tomonlarni sulhga va muzokaraga chaqirmoqda.

BMT hisobiga ko’ra, uch yillik fuqarolar urushi kamida 10 ming odamning yostig’ini quritdi, millionlab yamanlik to’yib ovqatlanmaydi. Aholini bombardimon qilish, oziq-ovqat ta’minotiga halaqit berish, insonparvarlik tamoyillarga xilof boshqa harakatlar natijasida misli ko’rilmagan gumanitar ofat yuzaga keldi.

“Bu falokat yoqasimas, bu falokatning o’zginasi”, - deydi BMTning Oziq-ovqat dasturi vakili Deyvid Bizli.

Yamanda xutiylar hukumatga qarshi jang qilayotgan bo’lsa-da, kuzatuvchilar urushni aslida Saudiya Arabistoni va Eron o’rtasidagi bilvosita ixtilof sifatida ko’rmoqda. Britaniya BMT Xavfsizlik Kengashida tayyorlagan rezolyutsiya loyihasi tomonlarni barcha harbiy harakatlarni to’xtatib, muzokara qilishga chaqiradi.

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon xalqaro tashabbuslarni qo’llab-quvvatlaymiz, biroq Yamanni Eron aralashuvidan himoya qilish – burchimiz, deydi.

“Xalqaro hamjamiyat Eron yadro dasturi hamda mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga tahdid soluvchi harakatlariga chek qo’yishi zarur”, - dedi dushanba kuni qirol.

Saudiya Arabistoni tinchlikka samimiy intilayotgan bo’lsa, raketa va dron hujumlarimizni to’xtatamiz, deydi xutiylar. Tomonlar yil oxirigacha Shvetsiyada muzokara qilishi mumkin.

“Biz muloqotga tayyormiz. Istalgan payt. Agar tinchlikka yetaklovchi haqiqiy muloqot bo’lsa. Agar BMTning Yaman bo’yicha maxsus vakili bu jarayonda qatnashsa, biz tayyor, qatnashmasa, so’nggi nafasimizgacha jang qilamiz”, - deydi isyonchilar muzokarachisi Hamid Osim.

BMT vakili Martin Griffit xutiy muzokarachilarga Yaman poytaxti Sanodan hamrohlik qilishga rozi.

“Bu Yaman uchun muhim davr. Yaman hukumati va xutiylar harakati bo’lmish “Ansar Alloh” muloqotda qatnashamiz, deya so’z berdi. Berilgan kafolatlar samimiy deb o’ylayman. Urushga siyosiy yechim kutayotgan Yaman xalqi ham shunga umid qilmoqda, chunki bu urushda eng katta jabrni xalq ko’rmoqda”, - dedi Griffit.

Xavfsizlik Kengashiga uzatilgan rezolyutsiya loyihasida mojaro qilayotgan taraflar ikki hafta ichida gumanitar yuk yo’lidagi barcha to’siqlarni olib tashlashi kerak, deyilgan.