Yamanda tinchlik o'rnatish maqsadida muzokaralar boshlandi

  • Amerika Ovozi

Hutiylar delegatsiyasi Jenevadagi tinchlik muzokaralariga jo'nab ketish oldidan matbuot anjumani o'tkazmoqda, Sano, Yaman, 12-dekabr, 2015-yil.

Yamanda doimiy tinchlikka erishish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Jenevada muzokara boshladi.

BMT vakili Ould Sheyx Ahmedning ma'lum qilishicha, to'qnashuvlarni butunlay to'xtatishning boshlanishi sifatida Yamanda muxolif guruhlar orasida bir haftalik sulh e'lon qilingan.

Prezident Abdu Robbu Mansud Hadi hukumati tarafdorlari hamda Eron qo'llab-quvvatlovini olgan Hutiy isyonchilari o'rtasida kurash shu paytgacha 5700 dan ziyod odamning yostig'ini quritgan.

Hutiylarning sulhga amal qilishi yoki qilmasligi hali noma'lum.

Hutiylar 2014-yil sentabrni poytaxt Sanoni egallashi ortidan Prezident Hadi hukumati janubga qochgan edi. Isyonchilar janubga ham yurish boshlagach, Hadi Saudiya Arabistoniga qochgan.

Hadi hokimiyatini qayta tiklash uchun hutiylarga qarshi Saudiya Arabistoni faol harbiy amaliyot olib bormoqda.