Zika virusi global tahdidmi?

  • Amerika Ovozi

Nikaraguada Zikaga qarshi profilaktika ishlari

Zika virusi tarqalmoqda. 2014 va 2015-yillarda Ebola virusi butun dunyoni xavotirga solgan edi. Chivinlar orqali yoyilayotgan Zika Markaziy va Janubiy Amerikadan kelmoqda. Chivinlar okeanlardan boshqa qit’alarga o’tolmaydi, lekin virusni yuqtirgan sayyohlar boradi. Zika, ayniqsa, homilador ayollar uchun xavfli. Chaqaloq nogiron tug’ilishi mumkin. Epidemiyaning oldini olish uchun qanday choralar ko’rilmoqda?

Zika virusiga Kolumbiyada eng ko’p uchragan odamlar Kukuta shahrida yashaydi. Chivinlarni haydash va infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida shaharda qator choralar ko’rilmoqda, aholiga foydali maslahatlar berilmoqda.

"Farroshlik bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar uyma-uy yurib, odamlarga idishlarda suvni to’la saqlamaslikni tavsiya qilishmoqda, aks holda suv ikki kunda zararlanib, lichinkalar chivinlarga aylanadi", - deydi shahar hokimi Sezar Roxas Ayala.

Lotin Amerikasidagi boshqa mamlakatlarda ham o’xshash choralar ko’rilyapti.

Braziliyada Zika infeksiyasi oqibatida mikrotsefaliya qayd etilmoqda, ya’ni odatdagidan kichikroq boshli chaqaloqlar tug’ilyapti. Mamlakatdagi homilador ayollar vahimaga tushgan.

"Bizda boy rayonlarda bo’lgani kabi oqar suv yo’q. Mahallamiz qashshoq, odamlarimiz g’arib. Hech kimning biz bilan ishi yo’q. Qo’shnilar bir-biriga yordam beradi, xolos. Atrofda kalamushlar ko’p. Ahvol juda yomon", - deydi homilador ayollardan biri.

Amerikada ham bir necha odamning Zika virusini yuqtirgani xabar qilindi. Kasallik ularga xorijda o’tgan.

AQSh sog’liqni saqlash mutasaddilari epidemiya xavfi yo’q, deydi.

"Shunga o’xshash virus bilan bir necha yildan beri tanishmiz. Denge yillar davomida Amerika sohillari bo’yida ivirsib yurdi, ba’zi joylarda kichik hajmdagi epidemiyalarni ham ko’rdik, ammo Amerikada ikki million odamni qamrab olgan denge epidemiyasi kuzatilmadi”, - deydi AQSh Allergiya va yuqumli kasalliklar instituti direktori Entoni Fauchi.

Shunga qaramay, deydi mutasaddilar, ehtiyot choralarini ko’rish, odamlarni ogohlantirish lozim.

Ikki hafta oldin Zika virusi 14 mamlakatda qayd etilgan edi, bugunga kelib esa 25 davlatga tarqaldi. Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining ogohlantirishicha, to’rt milliongacha odam Zikani yuqtirishi mumkin.

Tashkilot Bosh direktori Margaret Chenning aytishicha, davlatlar virus tarqalishini kuzatishda hamkorlik qilishi, chivinlarning ko’payishiga yetaklovchi muhitni nazoratga olish, Zikaga qarshi vaksinani ishlab chiqarish jarayonini tezlashtirish kerak.

Zika Afrikaning Uganda mamlakatidagi o’rmonning nomi bo'lib, ilk bor 1947-yilda o'sha yerda topilgan. Olimlarga ko’ra, unga qarshi vaksinani yaratishga bir necha yil ketishi mumkin. Zika virusini yuqtirgan odamda toliqish, bosh va bo’g’imlarda og’riq, isitma kabi simptomlar paydo bo’ladi.