Qullikdan prezidentlikka - Amerikada irqchilik tarixi


20 yanvar kuni Barak Obama Kapitoliy ostonasida qasamyod qilib, AQShning ilk qora tanli prezidenti sifatida ish boshlaydi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, Amerikada irqiy diskriminatsiya va segregatsiya siyosati atigi 45 yil oldin, 1960-yillarda man etilgan.

Bugun vaziyatni a’lo darajada deb bo’lmaydi, irqiy kamsitilish hollari uchrab turadi. Ammo bugun afro-amerikaliklar mamlakat siyosiy-ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faol.

2008 yil, noyabr. Tarixda qoladigan sana. Amerika xalqi uzoq bellashuv ketidan Barak Obamani prezidentlikka loyiq topdi. Uning saylov g’alabasini qutlaganlar bunday kunlar kelishiga uncha ishonmagan. Ayniqsa irqchilik uchiga chiqqan davrda tahqirlangan afro-amerikaliklar, teng huquq uchun kurashgan avlod vakillari.

1963 yil, mart. Alabama shtatining Selma shahrida saylash huquqini talab qilib chiqqan qora tanlilar politsiyaning ayovsiz hujumiga duch keladi. Voqea “Qonli yakshanba” nomi bilan tanilgan.

Bu davrda Amerikada irqiy kamsitish va segregatsiya siyosati hukmron, afro-amerikaliklar ovoz berish huquqidan mahrum, bo’lajak prezident Barak Obama esa ikki yoshda edi.

Selmada Martin Lyuter King yordamida uyushtirilgan namoyishlar fuqarolar tengligi uchun kurashga kuch qo’shdi.

“Bir orzum bor: bir kun kelib farzandlarim shunday mamlakatda yashaydi-ki, ularning irqi yoki jinsi emas, shaxsiga qarab baho beriladi”, - degan edi King.

1963 yil, avgust oyi. Martin Lyuter King 250 ming xaloyiq oldida “Mening Orzum” degan mashhur nutqini qilgan edi. O’sha yili AQSh poytaxti Vashingtonda o’tgan qora tanlilar namoyishi Kongressni irqchilikka qarshi qator qonunlar qabul qilishga undaydi.

“Har bir fuqaro o’z murod-maqsadiga mehnat qilib yetadi. Ammo bunda birdamlik ham zarur”, - deydi bo’lajak prezident Barak Obama.

1965 yilning mart oyida saylov huquqini talab qilgan yangi boykot-namoyishlar … Nihoyat shu yili prezident Lindon Jonson saylov haqida qonun imzolab, bu marosimga Lyuter Kingni ham taklif qiladi.

Advokat Barbara Arnvaynning aytishicha, “saylov qonuni imzolanishi afro-amerikaliklarga barcha darvozalarni ochib berganday bo’ldi. Mana oradan 43 yil o’tib, qora tanli prezidentni sayladik”.

76 yoshli huquq faoli Rojer Vilkinsga ko’ra King orzu qilgan kunlar osonlikcha kelgani yo’q. “Qo’shma Shtatlarning qora tanli prezidenti ishga kirishish arafasida turibdi. Bunga aql bovar qilmaydi. Fuqaro huquqlari uchun kurashgan har bir odamning hissasi bor bu g’alabada”,- deydi u.

Obama erishgan muvaffaqiyat, deydi advokat Barbara Arnvayn, har bir amerikalikka o’ziga xos ilhom bag’ishlaydi. “Siyosat va umuman demokratiya tushunchasi yangilanganday bo’ldi. Faqat oq tanlilar uchun xizmat qilmaydi bu tizim”.

Xalq saylagan rahbar lavozimga kirishar ekan, bu ayniqsa tengsizikka qarshi kurash, namoyishlarga guvoh bo’lgan avlod vakillari uchun hayajonli damlar. Ular orzusi oradan deyarli yarim asr o’tib amalga oshmoqda.

XS
SM
MD
LG