Breaking News

Eron uran almashishga rozi, biroq shart qo'ymoqda


Eron xalqaro hamjamiyat bilan boyitilgan uran masalasida hamkorlik qilishga rozi, biroq zarur modda faqat uning hududida almashiladi.

Tehron kam boyitilgan uran evaziga zichroq boyitilgan, tibbiy sinovlar uchun yaroqli mahsulot olish niyatida. Lekin Qo’shma Shtatlar bu taklifga qarshi.

O’tgan yili BMT Xavfsizlik Kengashi olg’a surgan rejaga ko’ra, Eron o’z ixtiyoridagi uranning aksariyat qismini xorijga jo’natishi, evaziga oradan bir yil o’tib, yaxshi boyitilgan uran bilan ta’minlanishi kerak edi.

Nihoyat kecha Erondan javob kelgan; yangi tashabbus bitilgan noma BMT Atom agentligiga taqdim etilgan.

Unda qayd etilishicha, Tehron kam boyitilgan mahsulotni xalqaro hamjamiyatga topshirishga rozi, faqat almashish jarayoni Eron hududida o’tishi shart.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi P.J. Krouli nazarida bu taklif ko’zni shamg’alat qilish uchun qilinayotgan harakat. “Eron turli bahonalar bilan o’z yadro dasturidan ko’zlangan asl maqsadni yashirishga urinmoqda. Tehronga qarshi to’rtinchi bor sanksiya qo’yish masalasi hamon muhokamada”, - deydi u.

Biroq Obama ma’muriyati Eronga murosa-dialog uchun ham imkoniyat bermoqda.

Bu orada Tehron uranni ko’proq boyitishga kirishgan. Yaqin kelajakda 10 yangi yadroviy inshoot qurishga ahd qilgan.

XS
SM
MD
LG