Yevropa birlashib, qarzni hal qiladi

  • Amerika Ovozi

Yevropa birlashib, qarzni hal qiladi

Yevropa birlashib, qarzni hal qiladi

Iqtisodiyot Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkilotining so’nggi hisobotiga ko’ra, yevrozona moliyaviy tanazzulga botmoqda. Bugungi hujjat Yevropa rasmiylari Vashingtonda AQSh rahbari Barak Obama bilan uchrashayotgan kunga to’g’ri keldi.

Unda aytilishicha, yevro bilan muomala qiluvchi 17 davlat ekonomikasi kelasi yil bahoriga qadar ham zaiflashishda davom etadi.

Buning oldini olish uchun Yevropa Markaziy Banki keskin chora ko’rishi kerak, deydi tashkilot.

Prezident Obama va Davlat kotibasi Xillari Klinton Oq uyda Yevropa Kengashi raisi German fon Rompuy, Yevropa Komissiyasi rahbari Joze Manuel Barrozo, Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirasi Ketrin Eshton bilan uchrashuvda aynan moliyaviy krizisni muhokama qildi.

Rasmiylar yevro bilan muomala qiluvchi davlatlarda hukumat xarajatini kamaytirishga vad'a berdi. Aniq rejani dekabr oyida taqdim etishlari kutilmoqda. Barrozoning aytishicha, Yevropa rahbarlari qiyinchiliklarni yengib o’tish qarorida qat’iy. Obama ham yordam qo’lini cho’zishini aytgan.

Italiya, Ispaniya va ittifoqning boshqa mamlakatlari qarzga botib, jahon hamjamiyatini ortidan ergashtirayotgani sir emas.

Mintaqaning iqtisodiy yetakchilari Germaniya va Fransiya esa yangi qonun ustida ish boshlab yuborgan.

Unga ko’ra, yevrozona vakillari mas’uliyatsiz, qarzga botiradigan qarorlari uchun jazolanadi. Shu paytgacha davlatlar suverenitetni qo’ldan boy beramiz, deb qo’rqib bunga yo’l bermagan edi.

Qarz og’iri butun qit'ada sezilmoqda. Belgiyada foiz stavkalari keskin oshdi, Italiyada hukumat vatanparvarlik hissiga urg’u berib, fuqaroni kredit qog’ozlari sotib olishga chaqirmoqda.

Moody’s kredit agentligining ogohlantirishicha, yevrozonada bir necha davlat defoltga uchrashi, ya’ni moliyaviy majburiyatlarini bajara olmasligi mumkin.

Barak Obama ham Yevropa rahbarlarini qat’iyroq chora ko’rishga undab keladi. Uning aytishicha, yevrozonaga siyosiy iroda yetishmayapti. AQShda 2012-yilgi prezident saylovlarida ekonomika bosh rol o'ynashi, Obamaning xalqni tanglikdan himoya qilib, to'qqiz foiz atrofidagi ishsizlikni tugatish-tugata olmasligi ham muhim.

Amerika va Yevropa Ittifoqi rasmiylari, shuningdek, Eron yadro dasturi, Yaqin Sharq tinchlik muzokaralari, umuman, arab dunyosi, kiber jinoyatchilik va terrorizm kabilar haqida gaplashmoqda.

Qo'shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi strategik hamkorlar, jahon iqtisodiyotini tebratuvchi rishta sanaladi.

Yillik global mahsulotning 49 foizi ularning hissasiga to'g'ri keladi. Sarmoya, ish o'rinlari jihatidan ular chambarchas bo'g'liq.

Sammit, deyiladi ittifoq bayonotida, qadriyatlari va siyosiy tajribasi mushtarak mintaqalar orasida aloqani mustahkamlash, qo'shib hisoblaganda 800 million fuqaroni mudofaa etish zaruratini yana bir bor ta'kidlash uchun yaxshi imkoniyat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG