Breaking News

Suriyada armiya namoyishchilarga qarata o’t ochib, o'nlab odam o'lgan


Muxolifat shu hafta Turkiyada ikki kun majlis qilib, prezident Assadni ishdan ketishga chaqirgan
Muxolifat shu hafta Turkiyada ikki kun majlis qilib, prezident Assadni ishdan ketishga chaqirgan

Bugun Suriyaning qator shaharlarida namoyishlar. Juma namozidan keyin ko’chaga chiqqan odamlar yil boshidan beri mojaroda o’lgan bolalarni xotirlamoqda.

Armiya odamlarni kaltaklab, o’qqa tutsada, muxolifat taslim bo’lmoqchi emas. Oppozitsiya norasida farzandlar o’limida prezident Bashar al-Assad ma’muriyatini ayblamoqda. Bugun Hama shahrida hukumat kuchlari 27 namoyishchini otib o’ldirgan.

Hukumat ommaviy yig’inlarni taqiqlagan, lekin Suriya shaharlari junbishga kelgan.

Odamlar juma namozidan keyin ko’chalarni to’ldirgan. Politsiya ommani tarqatish uchun asosan ko’zni yoshlantiruvchi gaz, to’qmoq va suv qo’llamoqda. Ammo ayrim tumanlarda o’t ochgani ma’lum.

Muxolifatning bildirishicha, g’alayon shu paytgacha 25 bolani hayotdan olib ketgan. Bahorda boshlangan qo’zg’olonda jami ming fuqaro nobud bo’lgan.

Faollar da’vosiga qaraganda, xavfsizlik kuchlari 13 yoshli o’smirni ushlab, qiynoqqa solib, jonini olgan. Suriya rasmiylari esa bu jinoiy to’daning qilmishi, deydi.

Muxolifat shu hafta Turkiyada ikki kun majlis qilib, prezident Assadni ishdan ketishga chaqirgan.

“Avtokrat rahbardan xoli yangi davlat qurish uchun astoydil kurashishga shaymiz”, - deydi faollar.

Kecha Raston shahridagi otishma 15 kishini hayotdan olib ketgan. Bir necha bino vayron bo’lgan. Shaharda chorshanba kungi olishuvda 41 odam, jumladan ikki yosh qiz o’lgan.

Amerika Tashqi ishlar vazirasi Xillari Klinton xalqaro hamjamiyatni Suriya hukumatiga bosimni oshirishga undadi.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa Suriyaga doir vaziyatni BMT Xavfsizlik Kengashi muhokamasiga olib chiqib, Bashar al-Assadni qoralovchi rezolyutsiyani ovozga qo’ymoqchi. Ammo Kengash doimiy a’zolari Rossiya va Xitoy bunga qarshi.

“Assad ma’muriyati o’z nomini bulg’adi va yurtni boshqarish huquqini qo’ldan boy bermoqda”, - deydi u. “Xalqqa qarshi zulmni bas qilib, islohot o’tkazishga ojiz bo’lsa, Assad ketishi kerak”, - dedi Klinton.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG